Bugun, 14-oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Nukus davlat texnika universiteti rektori Batirbek Kaipbergenov bilan uchrashdi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Nukus davlat texnika universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi “Nukus davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-25-son qaroriga muvofiq, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nukus filiali negizida tashkil etilgan.

Uchrashuv davomida, avvalo, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, gidrologiya va gidrometeorologiya, geografiya, ekologiya hamda matematika sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv jarayonini takomillashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, o‘quv va uslubiy ta’minotni yaxshilash hamda ta’lim dasturlarini takomillashtirish yuzasidan o‘zaro tajriba va metodik ishlanmalar almashish muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Shuningdek, mehnat bozori talablariga mos, nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash maqsadida dual ta’lim tizimi asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Bunda talabalarni ishlab chiqarish korxonalari va tegishli tashkilotlarda amaliy tayyorlash, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda ta’lim jarayonini amaliyot bilan uzviy bog‘lashga alohida ahamiyat berish nazarda tutildi.

Ikki universitet professor-o‘qituvchilari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishni tashkil etish, mahorat darslari, ilmiy-uslubiy seminarlar va malaka oshirish tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik tajribalarni tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ularning boshqa oliy ta’lim muassasasida tashkil etiladigan o‘quv mashg‘ulotlari, ilmiy tadbirlar va amaliy loyihalarda ishtirokini ta’minlash, tegishli tashkilot va korxonalarda ishlab chiqarish hamda malakaviy amaliyotlarni o‘tashlari uchun sharoit yaratish yuzasidan kelishuvga erishish ko‘zda tutildi.

Uchrashuvda Orol dengizi va Orolbo‘yi hududlarida yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni o‘rganish, ularning tabiiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik oqibatlarini ilmiy jihatdan tahlil qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishda ikki universitet olimlari ishtirokida qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, gidrologik va gidrometeorologik jarayonlarni o‘rganish, atrof-muhit holatini baholash, mavjud ilmiy salohiyat va laboratoriya imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Bundan tashqari, tomonlar ilmiy loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish, grant tanlovlarida hamkorlikda ishtirok etish, xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish hamda tegishli sohalardagi tashkilot va korxonalar bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Bu orqali universitetlarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va hududlarning dolzarb muammolariga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish maqsad qilingan.
Ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash masalasi ham uchrashuvning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Xususan, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, tabiiy fanlar, matematika va boshqa ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar hamda uslubiy adabiyotlarni hammualliflikda tayyorlash, ularni o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish vazifalari belgilandi. Ushbu tashabbus talabalarning ona tilida sifatli ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, o‘quv adabiyotlari mazmunini zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan boyitish hamda ta’lim jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Nukus davlat texnika universiteti o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi hamda hamkorlik shartnomasi imzolandi. Mazkur hujjatlar ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim sifatini oshirish, malakali kadrlar tayyorlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy o‘quv adabiyotlarini yaratish hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Tomonlar belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, mavjud ilmiy-pedagogik salohiyat va imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidlab, mazkur tashabbuslar kelgusida ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdilar.
Tomonlar belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, mavjud ilmiy-pedagogik salohiyat va imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish borasida kelishib oldilar.