“Olimpizm va Olimpiya harakatini rivojlantirish” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universitetida Butunjahon Taekvondo Federatsiyasi (WT) rahbariyati ishtirokida “Olimpizm va Olimpiya harakatini rivojlantirish” mavzusida nufuzli xalqaro forum tashkil etildi. Tadbirda xorijiy va mahalliy nufuzli mehmonlar, sport sohasi mutaxassislari, tajribali murabbiylar, yosh sportchilar hamda Taekvondo va sport faoliyati fakulteti talabalari faol ishtirok etdilar.

Jumladan, forumda Butunjahon Taekvondo Federatsiyasi prezidenti, doktor Chungvon Cho, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, mamlakat taekvondo assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston Milliy universiteti Uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha prorektori Ravshan Musurmanov hamda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Tunis Xojiyev, shuningdek, Butunjahon Taekvondo Federatsiyasi bosh kotibi Seongkang Seo, vitse-prezident Tomas Sithole va Kengash a’zolari ishtirok etdilar.

Forum doirasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar sportni tizimli rivojlantirish, olimpizm g‘oyalarini keng targ‘ib etish, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

Tadbirning asosiy ma’ruzasi Butunjahon Taekvondo Federatsiyasi prezidenti doktor Chungvon Cho tomonidan “Olimpizm va tinchlik” mavzusida taqdim etildi. Unda olimpizm tamoyillarining jamiyatda tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashdagi o‘rni atroflicha yoritib berildi.

Shuningdek, forumda “O‘zbekistonda sport tadbirlarining merosi”, “Xalqaro sportda karyera imkoniyatlari” hamda “Sport va barqaror rivojlanish” mavzularida mazmunli ma’ruzalar tinglandi. Mutaxassislar tomonidan zamonaviy sport industriyasidagi tendensiyalar, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari va yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida fikr almashildi.

Forum yakunida yosh sportchi talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashildi va kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi.

Mazkur forum olimpizm qadriyatlarini keng targ‘ib qilish va xalqaro sport hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.