Oliy ta’lim tashkilotlarida tyutorlik faoliyati yangi tartib asosida tashkil etiladi

Oliy taʼlim toʻgʻrisidagi yangi nizom tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «Oliy ta’lim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom tasdiqlandi. Mazkur hujjat oliy ta’lim muassasalarida tyutorlik faoliyatini yagona tizim asosida tashkil etish, talaba-yoshlar bilan individual ishlash samaradorligini oshirish hamda ularning ma’naviy, ijtimoiy va kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Tyutorlik faoliyatining asosiy maqsadi

Nizomga ko‘ra, tyutorlik faoliyatining bosh maqsadi talaba-yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning shaxsiy va kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish, oliy ta’lim muhitiga moslashuvini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishdan iborat.

Tyutorlar talabalarning nafaqat o‘quv jarayonidagi, balki ijtimoiy, ma’naviy va shaxsiy rivojlanishiga ham hamroh bo‘ladigan mas’ul xodim sifatida faoliyat yuritadi.

Tyutorlarning asosiy vazifalari

Yangi tartibga muvofiq, tyutorlar talabalarga oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalari, odob-axloq kodeksi va ta’lim jarayoniga oid hujjatlar bilan tanishishda ko‘maklashadi hamda ularning ta’lim muhitiga tezroq moslashishiga yordam beradi.

Shuningdek, ular:

  • talabalarga individual va jamoaviy maslahatlar beradi;
  • vatanparvarlik, bag‘rikenglik, qonunlarga hurmat va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qiladi;
  • sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga ko‘maklashadi;
  • nogironligi bo‘lgan, yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar kiritadi;
  • talabalar turar joyi, ijara yoki boshqa yashash manzillaridagi sharoitni muntazam o‘rganadi;
  • talabalar ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

Tyutorlarga qanday huquqlar berildi?

Nizomga ko‘ra, tyutorlar:

  • talabalarning davomatini va o‘zlashtirishini monitoring qiladi;
  • dars jarayonlarini kuzatishi mumkin;
  • talabalar turar joyiga joylashtirish yoki yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritadi;
  • tavsifnoma berish va akademik ta’til masalalarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi;
  • bilimlarni baholash jarayonini kuzatish huquqiga ega.

Tyutorlarning majburiyatlari kuchaytirildi

Hujjatda tyutorlarning mas’uliyati ham aniq belgilab qo‘yilgan. Ular talabalarning ichki tartib-qoidalarga rioya etishini nazorat qiladi, talabalarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qiladi, shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlaydi hamda favqulodda yoki muammoli vaziyatlar yuzaga kelganda rahbariyatni zudlik bilan xabardor qiladi.

Har bir tyutorga 120–150 nafar talaba biriktiriladi

Nizomga muvofiq, tyutorlik asosiy mehnat faoliyati hisoblanadi. Tyutor lavozimiga oliy ma’lumotga ega mutaxassislar tayinlanadi.

Tyutorlarga bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 1–3-bosqich talabalari biriktiriladi. Bir tyutor, qoida tariqasida, 120–150 nafar talaba bilan ishlaydi.

Tyutorlar o‘quv yili uchun tasdiqlangan ish rejasi asosida faoliyat olib boradi, ularning faoliyati bo‘yicha choraklik hisobotlar maxsus elektron tizimga kiritib boriladi.

Malaka talablari belgilandi

Nizomda tyutorlarga qo‘yiladigan malaka talablari ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, tyutor:

  • oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
  • pedagogik-psixologik bilim va tajribaga ega bo‘lishi;
  • ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish ko‘nikmalarini puxta egallagan bo‘lishi;
  • tahliliy fikrlash, muammolarni aniqlash va ularning yechimlarini ishlab chiqish qobiliyatiga ega bo‘lishi;
  • mas’uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar va yuqori kasbiy fazilatlarga ega bo‘lishi lozim.

Mazkur talablarga javob bermaydigan shaxslar tyutor lavozimiga tayinlanmaydi.

Tyutorlar faoliyati qanday muvofiqlashtiriladi?

Tyutorlar faoliyatini muvofiqlashtirish oliy ta’lim tashkilotining Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi zimmasiga yuklatilgan. Ushbu bo‘lim tyutorlar ishini tashkil etadi, ularning tajribasini o‘rganadi, seminar va o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazadi, faoliyat samaradorligini tahlil qiladi hamda yuqori natija ko‘rsatgan tyutorlarni rag‘batlantirish bo‘yicha rahbariyatga takliflar kiritadi.

Yangi nizom oliy ta’lim muassasalarida tyutorlik institutining huquqiy asoslarini mustahkamlash, talaba-yoshlar bilan manzilli ishlashni kuchaytirish hamda ularning ta’lim, tarbiya va ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.