O‘zbekiston – Fransiya oliy ta’lim muassasalari forumi o‘z ishini boshladi

Bugun mamlakatimizga Fransiyaning Yevropa va Tashqi ishlar vazirligi Oliy ta’lim va tadqiqotlar boshqarmasining universitetlararo ilmiy hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Martin Russel xonim boshchiligidagi delegatsiya “O‘zbekiston – Fransiya oliy ta’lim muassasalari forumi”da ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Tashrifning birinchi kuni delegatsiya a’zolari ishtirokida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekiston – Fransiya oliy ta’lim muassasalari forumi”ning ochilish marosimi o‘tkazildi.
Forumda ikki davlat elchixonasi vakillari, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ullari, ikki davlat oliy ta’lim muassasalarning rektorlari, soha prorektorlari, ta’lim sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdi.
Ikki kun davom etadigan xalqaro forum ishini O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov ochib berib, mehmonlarni O‘zbekistonga tashriflari bilan samimiy qutladi.
Shundan so‘ng Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov so‘z olib, mazkur xalqaro forumning ahamiyati, mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan oliy ta’lim sohasidagi islohotlar natijalari xususida to‘xtaldi. Shuningdek, oxirgi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari barcha sohada, xususan, oliy ta’lim sohasida ham chuqurlashib borayotganini alohida e’tirof etdi.
Xalqaro forum o‘z ishini anjuman kun tartibiga muvofiq yalpi yig‘ilish bilan davom ettirdi.


Forumda ikki davlat ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik, qo‘shma dasturlar tashkil etish, har ikki tomonning ta’lim tizimidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi. Forum doirasida oliy ta’lim tizimida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro aloqalar olib borish maqsadida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yuzasidan memorandumlar imzolandi.
Shuningdek, o‘zbek milliy qadriyatlarini aks ettiruvchi foto ko‘rgazma tashkil etildi va kelgan mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun Fransiya oliy ta’lim muassasalarining taqdimotlari - “Fransiya ta’lim ko‘rgazmasi -2021” tashkil etildi.
Ushbu xalqaro forum 8 oktabrga qadar davom etadi.

O‘zMU Axborot xizmati