O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan universitet professor-o‘qituvchilariga bayram tabrigi

Muhtaram ustozlar!
Hurmatli professor-o‘qituvchilar!
Qadrli hamkasblar!

Yurtimizda eng ardoqli bayramlardan biri bo‘lgan 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan siz, aziz va fidoyi hamkasblarimni chin yurakdan tabriklayman!

Bugun oliygohimiz global ta’lim va ilm-fan maydonida mustahkam o‘rin egallab, yangidan-yangi marralarni zabt etmoqda. Xalqaro tan olinishi va erishilayotgan har bir muvaffaqiyat ortida sizdek tajribali professor-o‘qituvchilarning, izlanuvchan olim va pedagoglarimizning yuksak mas’uliyati hamda zahmatli mehnati mujassam. Barchangizga universitet salohiyatini oshirishga qo‘shayotgan bebaho hissangiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.

Barchamizga ma’lumki, Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Muhtaram Prezidentimiz mamlakatimizning kelgusi o‘n yilligi — milliy yuksalish davri bo‘lishini ta’kidlab, sohani rivojlantirishga qaratilgan muhim strategik vazifalarni belgilab berdilar.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek: «Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz».

Davlatimiz rahbari tomonidan e’lon qilingan Birinchi milliy dastur aynan bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgani, shuningdek, yurtimizdagi kamida 10 ta universitet global TOP mingtalikka kiritilishi bosh marra sifatida belgilangani Milliy universitet jamoasi zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bilan birga, «Bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir» degan g‘oya oliygohimizda xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarimizga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Davr shiddati va ta’limdagi global transformatsiyalar zimmamizga yangicha mas’uliyat yuklamoqda. Professor-o‘qituvchilarimizning zamon bilan hamnafas holda raqamli texnologiyalarni puxta egallab borayotgani, fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borayotgani, milliy ustoz-shogird an’analarini asrab-avaylayotgani hamda xalqaro minbarlarda erishayotgan muvaffaqiyatlari Milliy universitetning jahon miqyosidagi nufuzi va mavqeini izchil oshirishga xizmat qilmoqda.

Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bugungi kunda universitetimizda jami 1270 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar asosiy shtatda faoliyat olib boradi, shundan 10 nafar akademik, 240 nafardan ortiq fan doktori, professorlar, 530 nafardan ortiq fan nomzodi, dotsentlar ilmiy va pedagogik jarayonlarni tashkil etishga hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, universitetda “Hirsh” indeksi 5 va undan yuqori bo‘lgan 70 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilarimiz bor.

2026-yil sentyabr holatiga ko‘ra, universitet professor-o‘qituvchilaridan 100 nafari, shundan 20 nafar fan doktori (DSc), 80 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish uchun doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Oliyogohimizda ta’lim va ilm-fan muhitini yanada yaxshilash, fidoyi olimlarimiz va pedagoglarimizning mehnatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil ishlarimizni sidqidildan davom ettiramiz.

Siz, azizlarga ma’rifat yo‘lidagi ezgu va sharafli xizmatingizda mustahkam sog‘liq, tuganmas kuch-g‘ayrat hamda kasbiy va shaxsiy hayotingizda yangi-yangi yutuqlar yor bo‘lishini tilayman!

Oilangizga hamisha omonlik, xonadoningizga baraka va tinchlik-xotirjamlik tilayman!

Inom MADJIDOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori