Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazilgan navbatdagi “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi nafaqat bo‘sh ish o‘rinlari maskani, balki yosh ixtirochilarning innovatsion startaplari maydoniga aylandi. Tadbir doirasida universitet prorektorlari, bo‘linma rahbarlari va nufuzli ish beruvchilar iqtidorli talabalar tomonidan ishlab chiqilgan 10 ga yaqin istiqbolli loyihalarni bevosita ko‘zdan kechirib, ularning amaliy ahamiyatiga yuqori baho berdilar.
Namoyish etilgan ishlanmalar orasida sun’iy intellektga asoslangan yechimlar, robototexnika namunalari, havoda va suvda harakatlanuvchi dronlar hamda barchaning diqqatini tortgan kosmik raketa prototipi kabi yuqori texnologiyali loyihalar o‘rin oldi. Quvonarlisi shundaki, ushbu g‘oyalar shunchaki nazariy ishlanma bo‘lib qolmay, balki zamonaviy bozor talablariga mos keladigan tayyor mahsulotlar sifatida taqdim etildi.
Universitetda yoshlarning bunday tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Universal loyihalar markazi” tizimli faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur markaz talabalarning g‘oyalarini biznes loyihaga aylantirish uchun biznes-inkubator muhitini yaratib, yuridik konsalting xizmatlari va moliyalashtirish manbalarini topishda yaqindan ko‘maklashmoqda. Markaz ko‘magi bilan talabalarning kreativ fikrlari bosqichma-bosqich real biznes loyihalarga aylanib, universitetda o‘ziga xos innovatsiya va IT energiyasi muhiti shakllanmoqda.
