Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari Senat faoliyati bilan tanishishdi

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish orqali bandligini taʼminlash, hayotda o‘z o‘rnini topishiga, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashish kabi vazifalar belgilandi. Oliy Majlis Senatida ham ushbu masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Milliy universiteti bir guruh talabalari parlament yuqori palatasiga tashrif buyurib, Senat faoliyati bilan tanishdilar. Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari D. Tashmuxamedova yoshlar bilan suhbatlashdi.

Ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida senator talabalarni parlament yuqori palatasi, uning tuzilmasi, qo‘mitalar, shu jumladan, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining faoliyati haqida batafsil maʼlumotlar berdi.

Qolaversa, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, taʼlim olish uchun keng imkoniyatlar yaratish, kasb-hunarga o‘rgatish, ularning bandligini taʼminlash, jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, turli sohalarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifaga aylangani, bu borada Qo‘mita tomonidan amalga oshirayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, yoshlar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan tashabbus qilish huquqi asosida bolalar va yoshlarga doir qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash jarayonlariga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv davomida 2024 yilda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari, joylarda davlat dasturi ijrosini taʼminlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘z navbatida, talabalar tomonidan bir qator muhim tashabbus va takliflar ilgari surildi. “Green peace” yaʼni, yashil makon ijtimoiy loyhasini birgalikda amalga oshirish, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.

O’zMU Axborot xizmati