O‘zbekiston Milliy universiteti va Nagoya universiteti o‘zaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Yaponiyaning Nagoya universiteti prezidenti Sugiyama Naoshi rahbarligidagi universitet vakillari hamda O‘zbekiston delegatsiyasi o‘rtasidan uchrashuv tashkil etildi. Ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ushbu uchrashuvda Nobel mukofoti laureati, professor Xiroshi Amano ham ishtirok etdi.


O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov, uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha prorektori Ravshan Musurmanov hamda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ta’lim, fan va innovatsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nodirbek Hoshimov va elchixonaning ikkinchi kotibi Siroj Azizovlar qatnashdi.


Muzokaralar davomida Nagoya universiteti va O‘zMU o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Uchrashuv doirasida O‘zMU vakillari Nagoya universitetining zamonaviy ilmiy laboratoriyalari hamda boy fonga ega axborot-resurs markazi (kutubxonasi) faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.