Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olayotgan bir guruh xorijiy talabalar uchun poytaxtimizdagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga maa’rifiy sayohat tashkil etildi. Ushbu tadbir universitet rahbariyatining xorijlik yoshlarni yurtimizning boy tarixi, ilmiy merosi va yuksak ma’naviyati bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan tizimli ishlarining uzviy davomi bo‘ldi.

Sayohat davomida talabalar markazdagi noyob eksponatlar, qadimiy qo‘lyozmalar va buyuk allomalarimizning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini aks ettiruvchi ko‘rgazmalarni katta qiziqish bilan kuzatdilar. Xorijlik yoshlar O‘zbekistonning nafaqat tarixiy, balki zamonaviy madaniy markaz sifatidagi nufuzini jonli muloqotlar va vizual ma’lumotlar orqali yanada chuqurroq anglash imkoniga ega bo‘ldilar.

Bu kabi madaniy tadbirlar Milliy universitetda ta’lim olayotgan xorijlik mutaxassislarning dunyoqarashini kengaytirish barobarida, ularda O‘zbekistonga nisbatan yuksak hurmat va mehr uyg‘otishga xizmat qiladi.
