O‘zbekiston Milliy universitetida giyohvandlikka qarshi kurashish sohasidagi yangi qonun mazmun-mohiyati muhokama qilindi

O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan “Ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1151-sonli Qonunining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitetning birinchi prorektori Tunis Xojiyev, universitet profilaktika inspektori, mas’ul bo‘limlar rahbarlari, Olmazor tumani 4-sonli IIB mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Maxfirat Ochilova, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Temur Qosimov hamda Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi raisi Abror Saidov so‘zga chiqib, mamlakatimizda giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘RQ–1151-sonli Qonun bilan joriy etilgan muhim yangiliklar hamda mazkur huquqiy hujjatning aholi salomatligi va yoshlar kelajagini muhofaza qilishdagi ahamiyati haqida ma’ruza qildilar.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mazkur qonun bilan joriy etilgan yangi huquqiy mexanizmlar hamda ularning aholi salomatligi, millat genofondi va yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

So‘zga chiqqan mutaxassislar sintetik narkotiklar tarqalishining oldini olish, internet tarmoqlari orqali amalga oshirilayotgan narkojinoyatlarga qarshi samarali kurashish, yoshlarni turli zararli illatlardan asrash hamda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish masalalariga alohida to‘xtaldilar. Shuningdek, yangi qonun bilan narkolaboratoriyalar tashkil etish, narkotik vositalarni o‘tkazish va voyaga yetmaganlarni bunday qilmishlarga jalb qilish uchun javobgarlik choralari kuchaytirilgani ta’kidlandi.

Tadbir yakunida talabalar va ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Qayd etilganidek, giyohvandlikka qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki ta’lim muassasalari, ota-onalar va keng jamoatchilikning hamkorligini talab etadigan dolzarb vazifa hisoblanadi.