Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zbekiston Milliy universitetida Nobel mukofoti laureati Xiroshi Amano ma’ruza qildi

O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, ilmiy-texnik hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish yuzasidan joriy yilning 20-23-sentabr kunlari Yapon olimlari delegatsiyasi, xususan, Nagoya universiteti professori, Nobel mukofoti laureati Xiroshi Amanoning O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan.

Yapon olimlari delegatsiyasi 21-sentabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘ldi. Dastlab Yaponiya delegatsiyasi bilan ilmiy-texnik hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, ta’lim sohasidagi aloqalarni qo‘shma tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlarni o‘tkazish va amaliyotchilarni o‘zaro almashish orqali faollashtirishga kelishib olindi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, Nagoya universiteti vitse-prezidenti Norimi Mizutani so‘zga chiqib, har ikki mamlakat ilm-fan va ta’lim sohasida o‘zaro harakatlarni tashkil etish va kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekani va bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng, Nagoya universiteti professori, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Xiroshi Amanoning “Nega Yaponiyaning kambag‘al universiteti moviy rangli svetodiot inqilobini sodir etdi?” (“Why did a poor Japanese university spark the blue LED revolution?) mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.

Tadbirda bakalavr, magistratura va doktorantura talabalari, tadqiqotchilar va yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar uchun mas’ul prorektorlar va bo‘lim boshliqlari, fan, tadqiqot va innovatsiyalar sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida tashkil etilgan mazkur ma’ruza tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori qiziqish bilan qabul qilindi. Uchrashuv savol-javob tarzida davom etdi.

Ma’lumot o‘rnida, Xiroshi Amano – yapon olimi, muhandis, fizik, Nagoya universiteti professori. 1960-yilning 11-sentabrida Yaponiyaning Shizuoka prefekturasida tug‘ilgan. 1983-yilda Nagoya universitetning bakalavr bosqichini, 1985-yilda esa magistratura bosqichini tugatgan. 1989-yilda ushbu universitetning doktorlik darajasini qo‘lga kiritgan.

1988-yilda ilmiy faoliyatini Nagoya universitetida boshlab, 1992-yilda Meijo universitetining Fan va texnologiya fakultetida professor assistenti lavozimida faoliyat yuritadi. X.Amano Meijo universitetida 2010-yilga qadar dotsent va professor lavozimlarida ilmiy faoliyat ko‘rsatib, 2010-yildan Nagoya universiteti Muhandislik oliy maktabiga professor sifatida qaytadi.

2011-2023-yillarda Nagoya universitetidagi Akasaki tadqiqot markazida direktor lavozimida ishlaydi. Shu bilan birga u 2015-yildan hozirgi vaqtga qadar Materiallar va barqarorlik tizimlari institutining Kelajak elektronikasining integratsiyalashgan tadqiqotlari markazi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

X.Amano 1989-yilda ilk bor nitrid galiy (GaN-based UV) asosida o‘zidan moviy nur taratuvchi svetodiodni ixtiro qildi va ushbu kashfiyot uchun 2014-yilda fizika yo‘nalishida Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Bugungi kunda X.Amanoning kashfiyotidan elektrotexnikada, tibbiyotda, mashinasozlikda, aviasozlikda va shuningdek energiyani tejash bilan bog‘liq barcha jabhalarda keng foydalaniladi.

O‘zMU Axborot xizmati