Bugun, 29-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida zamondosh olimlarning eng yirik namoyandalaridan biri, Nobel mukofoti sohibi Serj Arosh (Serge Haroche) bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rahbariyati, atoqli olimlar, akademiklar, professor-o‘qituvchilar, yosh izlanuvchilar va OAV vakillari ishtirok etdilar. Mazkur uchrashuv yurtimiz ilm-fani uchun nafaqat akademik tadbir, balki jahon darajasidagi tajriba bilan yuzma-yuz kelish imkoniyatiga aylandi.
Innovasion muloqot formati an’anaviy ma’ruzalardan farqli ravishda, uchrashuv jonli muloqot ruhida tashkil etildi. Professor Serj Arosh o‘z chiqishida asosiy diqqatni shaxsiy hayotiy tajribasi va ilmiy kashfiyotlar ortidagi mashaqqatli izlanishlarga qaratib, muvaffaqiyatga olib boradigan zahmatli yo‘l haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, olim fundamental fizikaning insoniyat sivilizatsiyasi va kelajagini belgilashdagi beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladi. Muloqot davomida yosh olimlarda tadqiqotchilik etikasi, ilmiy izchillik va tinimsiz izlanish ko‘nikmalarini shakllantirish lozimligi yuzasidan qimmatli fikrlar bildirildi.
Tadbirning interaktiv qismida talaba va magistrlar jahon darajasidagi olim bilan bevosita muloqotga kirishdilar. Kvant texnologiyalari, zamonaviy ta’lim integratsiyasi va global ilmiy hamkorlik mavzularidagi savollarga Serj Arosh nafaqat ilmiy, balki falsafiy teranlik bilan javob qaytardi. Olim ilm yo‘lini tanlagan yoshlarga eng muhim tavsiyasi sifatida «qiziquvchanlikni yo‘qotmaslik va murakkab savollardan qo‘rqmaslik»ni ta’kidladi.
Uchrashuv so‘ngida tashkil etilgan media-intervyularda olim O‘zbekiston ilmiy salohiyatiga yuqori baho berdi. Ushbu tarixiy tashrif dunyo ilm-fani yutuqlarini yurtimiz ta’lim tizimiga tatbiq etish va yoshlarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
