Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zbekiston Milliy universitetida “Talabalar bahori” festivali o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universitetida talaba-yoshlarning milliy qadriyat va an’analarimizga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ulardagi vatanparvarlik ruhini yuksaltirish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tanlovlar, badiiy-musiqiy chiqishlar, sport musobaqalari va turli tashabbuslardan iborat “Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!” shiori ostida "Talabalar bahori” an’anaviy festivali o‘tkazildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo’ng’irotboy Sharipov mazkur festivalga tashrif buyurib, professor-o’qituvchilar, talaba-yoshlarni bayram bilan tabriklab, ularga muvaffaqiyat tiladi.
Vazir boshchiligida mehmonlar, universitet rahbariyati talabalar tomonidan namoyish etilgan respublikamiz viloyatlarining urf-odatlari, milliy qadriyat va an’analari, turli tanlov va musobaqa jarayonlari bilan tanishishdi.

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov festivalning ochilishida talaba-yoshlarga yuqori kayfiyat tilab, ularni universitetdagi imkoniyatlardan faol foydalanishga, yuksak marralarni zabt etishga chorladi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur festivalda turli idora-tashkilot vakillaridan mehmonlar hamda O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati va jamoasi, shuningdek, 10 ming nafarga yaqin talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Festival doirasida barcha fakultetlar tomonidan respublikamiz viloyatlarining urf-odatlari va milliy qadriyat va an’analarining namoyishi, talaba-yoshlar o‘rtasida “Mohir oshpazlar” ko‘rik tanlovi hamda turli sport o‘yinlari, jumladan, kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, stol tennisi, shaxmat va shashka musobaqalari o‘tkazildi. Bayram sayliga tashrif buyurgan mehmonlarda talabalar tomonidan tashkil etilgan sahna ko‘rinishlari katta taassurot qoldirdi.

Bayram sayli davomida hakamlar hay’ati a’zolari talabalar turar joylari o‘rtasida o‘tkazilgan viloyatlarning urf-odatlari va milliy qadriyatlari namoyishi, fakultet talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Mohir oshpazlar” osh chempionatini ko‘zdan kechirib baholab bordilar.
Festival doirasida o‘tkazilgan tanlov va musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilari pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O'zMU Axborot xizmati