Bugun, 25-aprel Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Iqtisodiyot fakulteti tashkil etilganligining 35 yilligi munosabati bilan “Milliy iqtisodiyotning resurs tejamkor iqtisodiy rivojlanish modeliga o‘tish strategiyasi” mavzusidagi VI Xalqaro iqtisodchilar forumi o‘z ishini boshladi.
Mazkur nufuzli tadbir O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan Rossiya, Slovakiya, Janubiy Koreya va boshqa xorijiy mamlakatlar oliygohlari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Forumning asosiy maqsadi — milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning ilmiy-amaliy asoslarini muhokama qilishdan iborat.
Anjumanni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati kirish so‘zi bilan ochib berib, fakultetning 35 yillik tarixiy yo‘li va mamlakat iqtisodiyoti uchun kadrlar tayyorlashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, forum ishtirokchilariga O‘zMU prorektorlari Shuhrat Toshmatov va Yoqub Ergashov, O‘zbekiston Respublikasi Demograflar uyushmasi raisi Bahodir Umrzoqov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov, “O‘zbekinvest” kompaniyasi bosh direktori Rustam Azimov, shuningdek, xorijlik hamkorlar — professorlar Aleksandr Siganov, Aleksandr Babkin, Choy Yun Chol hamda “Uzbek Leasing International” rahbari Zafarjon Mustafayev tabrik so‘zi bilan murojaat qilishdi.
Forumning yalpi majlisida milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan dolzarb ma’ruzalar tinglandi. Xususan, Sodiqov Avazbek Madaminovich O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishining resurs tejamkor modelini shakllantirish masalalari, Yuldashev Shuhrat Ganiyevich O‘zbekiston iqtisodiyotining resurs tejamkor o‘sishga o‘tish mexanizmlari, Balega Andrianna (Slovakiya) energetikaga o‘tish davrida vodorod xalqaro savdosining geosiyosati, Shoxa’zamiy Shohmansur global beqarorlik sharoitida innovasion rivojlanish modeliga tezkor o‘tish konsepsiyasi hamda Nasretdinova Shahnoza Saidakmalovna sug‘urta bozorining resurs tejamkor model barqarorligiga ta’siri yuzasidan o‘z tadqiqotlari natijalarini taqdim etdilar.
Yalpi majlis doirasida, shuningdek, yana bir guruh professor-o‘qituvchilar tomonidan raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, “yashil” ko‘nikmalar va iqlim moliyalashtirishi kabi yo‘nalishlarda ma’ruzalar qilindi.
Tadbir yakunida milliy iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlash va resurs tejamkorlikni strategik darajaga ko‘tarish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Forum o‘z ishini 6 ta alohida shoʻbaga bo‘lingan holda davom ettiradi. Ularda resurs tejamkor modelning nazariy jihatlari, real sektorda yangi texnologiyalarni qo‘llash, inson salohiyatidan samarali foydalanish va xorijiy mamlakatlar tajribasi keng muhokama qilinadi.
Ma’lumot uchun: O‘zMU Iqtisodiyot fakulteti 1991-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlab kelmoqda.
