Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Ta’lim va ilm-fan vazirligi, O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “XX asr o‘zbek nasrida Odil Yoqubov ijodining o‘rni” mavzusidagi ilmiy-nazariy anjuman o‘tkazildi.


Tadbirni O‘zMU O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, professor Hamidulla Boltaboyev olib bordi. Universitet rahbariyati nomidan O‘zMU prorektori Tunis Hojiyev ishtirok etib, anjumanni kirish so‘zi bilan ochib berdi.



Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori Minxojiddin Mirzo hamda taniqli adabiyotshunos olim, pedagogika fanlari doktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Qozoqboy Yo‘ldoshev qatnashdilar. Anjumanda M. Xojimatovning tabrik so‘zi tinglandi hamda Q. Yo‘ldoshev “Odil Yoqubov shaxsiyati va badiiy ijod masalalari” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, yalpi majlisda adibning hayoti va ijodiy merosiga bag‘ishlangan boshqa ma’ruzalar tinglanib, Odil Yoqubovning farzandi M.Yoqubov ham so‘zga chiqdi.




Yalpi majlisdan so‘ng anjuman o‘z ishini beshta sho‘ba majlisida davom ettirdi. Sho‘balarda XX asr o‘zbek nasrining taraqqiyot tamoyillari, Odil Yoqubov ijodida an’ana va badiiy yangilanish hamda yoshlar ijodi kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.