Ayni kunlarda O‘zbekiston Milliy universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov boshchiligidagi O‘zMU delegatsiyasi Polsha Respublikasida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi. Safar doirasida delegatsiya a’zolari Krakov shahrida joylashgan AGH Fan va texnologiya universitetida (AGH University of Science and Technology) qator uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etmoqda.

Delegatsiya dastlab AGH universiteti rahbariyati bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida prorektor Shuhrat Toshmatov va AGH universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Kshishtof Mendrok universitetlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi. Tomonlar talaba va o‘qituvchilar almashinuvi, akademik mobillik dasturlari, qo‘shma yozgi maktablar tashkil etish, o‘quv dasturlarini Yevropa standartlariga muvofiqlashtirish hamda professor-o‘qituvchilar uchun o‘quv yuklamalarini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.

Shu yilning 8-dekabridan boshlab AGH universitetida “Pedagogik mahorat va geologik tadqiqotlarning iqtisodiy samaradorligi” mavzusida o‘quv seminari o‘z ishini boshladi. Unda O‘zMU Geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti dekani Akramiddin Umarov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar jamoasi ham ishtirok etmoqda.

Safar doirasida O‘zMU delegatsiyasi AGH universitetining ilg‘or ilmiy-amaliy tajribalarini, xususan, mineralogiya, kon geologiyasi, qazilma resurslarini baholash, geoaxborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda qo‘llanilayotgan innovasion yondashuvlarni o‘rganmoqda. Shuningdek, ikki fakultet o‘rtasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilarning malaka oshirish kurslarida ishtirok etish va laboratoriyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan ham muzokaralar olib borilmoqda.

Safar davomida O‘zMU delegatsiyasi uchun AGH universiteti talabalari oldida ma’ruza o‘qish, universitetning masofaviy ta’lim platformalari bilan tanishish, malakaviy amaliyot jarayonlarini o‘rganish kabi qator tadbirlar ham rejalashtirilgan. Ushbu tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-ta’lim jarayonlarini xalqaro mezonlar asosida takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zMU Axborot xizmati