Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMU jamoasi “Oʻzbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi kubogi” g‘olibi boʻldi

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida respublikadagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarining talabalari ishtirokida “Oʻzbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi kubogi” uchun zakovat intellektual oʻyini boʻlib oʻtdi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 25-noyabr – “Xalqaro ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kuni” deb eʼlon qilingani munosabati bilan oʻtkazilgan bellashuv talaba-qizlar ishtirokida tashkil etildi.

Unda poytaxtimizdagi 11 ta oliy taʼlim muassasalari, xususan, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Xalqaro Nordik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillar universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetlarining talaba-qizlari ishtirok etdi.

Bellashuv yakunida, 1-oʻrinni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti qo‘lga kiritdi. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti jamoasiga 2-oʻrin nasib etgan bo‘lsa, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalaridan iborat jamoa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Barcha ishtirokchilar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar. Gʻolib jamoaga “ShHT Xalq diplomatiyasi markazi kubogi” topshirildi.

O‘zMU Axborot xizmati