O‘zMU professori Boku shahrida o‘tkazilayotgan Xalqaro anjumanda ishtirok etmoqda

Shu kunlarda, ya’ni 2026-yil 9–12-sentabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida «Matematika va mexanikaning zamonaviy muammolari» (MPMM 2026) mavzusidagi XIII Xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli xalqaro forum Ozarbayjon Matematika instituti, Boku davlat universiteti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamkorligida tashkil etilgan.

Anjumanda dunyoning yetakchi ilmiy markazlaridan kelgan taniqli olimlar va mutaxassislar nazariy hamda amaliy matematika, mexanika va matematik ta’lim sohasidagi so‘nggi tadqiqot natijalarini muhokama qilmoqdalar. Xalqaro tadbir bevosita (an’anaviy) va onlayn formatda tashkil etilgan bo‘lib, unda yalpi majlislar hamda sho‘ba yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda.

Ushbu xalqaro tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti professori Mersaid Aripov asosiy ma’ruzachi sifatida ishtirok etmoqda. Olim o‘z ma’ruzasi bilan xalqaro ilmiy jamoatchilikka sohaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan tadqiqot natijalarini taqdim etishi ko‘zda tutilgan.