Bugun, 5-sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov boshchiligida universitet xodimlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga tashrif buyurishdi.

Dastlab muzey binosi oldida talaba-yoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda O‘zMU rektori Inom Madjidov, muzey direktori Baxtiyor Hasanov, Tarix fakulteti dekani Alisher Muminov, professor Zamira Ishanxadjaeva, muzey bosh ilmiy xodimi Bahrom Irzayev so‘zga chiqib, qatag‘on yillarining uqubatlari, yurt fidoiylarining jasoratlari hamda tadbir ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tishdi.

So‘ng talabalar yodgorlik majmuasi va muzeyda saqlanayotgan tarixiy hujjatlar, shaxsiy ashyolar, fotosuratlar va boshqa eksponatlar bilan tanishdilar. Bu eksponatlar mamlakatimiz tarixidagi og‘riqli davr — qatag‘on yillarining aniq va ravshan dalillaridir.

Tashrif yoshlarga nafaqat ilmiy, balki ma’naviy jihatdan ham katta taassurot qoldirdi. Ushbu safar ularda milliy xotirani qadrlash va Vatanga sadoqat tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.