Bugun O‘zbekiston Milliy universitetida Yaponiyaning Tohoku universiteti vakillari ishtirokida «Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasida akademik almashinuvni kengaytirish» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, akademik aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Milliy universitetining Xorijiy filologiya fakulteti hamda Tohoku universiteti Ta’lim oliy maktabi o‘rtasida akademik almashinuv bo‘yicha memorandum imzolandi.
Hujjat doirasida tomonlar qo‘shma ilmiy va ta’limiy faoliyatni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, talabalar uchun ta’lim va ilmiy-tadqiqot almashinuvlarini kengaytirish, shuningdek, akademik tadbirlar doirasida hamkorlik qilishni ko‘zda tutmoqda.
Shuningdek, tomonlar o‘zaro ilmiy ma’lumotlar va nashrlar almashinuvi, ma’ruzalar, konferensiyalar, seminar va boshqa akademik tadbirlarda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston Milliy universiteti va Tohoku universiteti o‘rtasidagi ta’limiy hamda ilmiy aloqalarni rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi akademik imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
