O‘zMU yana bir dunyo reytingidan o‘rin egalladi

Times Higher Education (THE) xalqaro oliy ta’lim tahliliy agentligi bugun 2025-yil uchun dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingi – THE World University Rankings-2025 natijalarini e’lon qildi.

Quvonarlisi, O‘zbekiston Milliy universiteti dunyo universitetlari reytingida 1001-1200 o‘rinlarni qayd etib, dunyoning eng kuchli universitetlari qatoridan joy oldi.

Bu yilgi reyting natijalariga ko’ra O’zbekistondan 3 ta oliy ta’lim muassassasi “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti 601-800, O’zMU 1001-1200 va TDTU 1501+ dunyo universitetlari qatoridan o’rin oldi.

Ma’lumki, THE WUR TOP-1500 + universitetlar o’rinlarini e’lon qiladi.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti “xalqaro nigoh” (International Outlook) ko’rsatkichi bo’yicha 58,20 ball bilan baholanib, 663-o’rin bilan dunyodagi o’rtacha ko’rsatkichdan yuqori baholanib O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari orasida birinchi o’rinni qayd etdi. Ushbu ko’rsatkich universitetdagi xorijiy professor-o’qituvchilarning ulushi bo’yicha 98,5/100, xorijda ta’lim bo’yicha 79,7/100, xalqaro hammualliflik bo’yicha 47/100, xorijiy talabalar ulushi bo’yicha 29/100 ballarda baholandi.

Reyting agentligi universitetlarni ta’lim – 29.5% (teaching), tadqiqot muhiti – 29% (Research Environment), tadqiqot sifati – 30% (Research Quality), sanoat – 4% (industry 4%), and xalqaro nigoh – 7.5% (International Outlook) ko’rsatkichlari bo’yicha tartiblab, ularni dunyo universitetlari o’rtasidagi o’rnini belgilaydi.

Times Higher Education tomonidan 2004-yildan buyon e’lon qilib kelinadigan ushbu reyting dunyoning eng yaxshi universitetlarini sifatli ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha baholaydi. Bugunga qadar O’zMU ushbu reyting agentligining THE Impact reytingida 16 ta barqaror rivojlanish maqsadlari bo’yicha 2024-yilda 601-o’rinni qayd etdi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda, QS World University Rankings 2025-yilda dunyoning eng nufuzli universitetlari reytingida O‘zMU 781-790-o‘rinlarni egallab, jahonda TOP-1000 universitetlar safidan joy oldi.

Bu yutuq, universitetning global miqyosda ilmiy va akademik izlanishlar orqali nufuzini oshirganidan dalolat beradi.