Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMUda “Xalqaro saylov standartlari” mavzusidagi talabalarning imitatsiyalashgan “BMT-moduli” tashkil etildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) – dunyoda tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. Har yili 24 oktyabr BMT nizomi kuchga kirgan kun sifatida nishonlanishi belgilandi.

BMT Nizomida ko‘rsatilganidek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huquqli bo‘lishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlaydi.

Bu borada O‘zbekiston Milliy universitetining “Siyosatshunoslik” ta’lim yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida har yili an’anaga aylanib borayotgan “O‘zbekiston-BMT” haftaligiga start berildi.

Mazkur haftalik doirasida universitetning “Siyosatshunoslik” kafedrasi tashabbusi bilan talaba-yoshlarni ijtimoiy-siyosiy bilim va slohiyatlarini oshirishga qaratilgan bir qancha loyihalar amalga oshiriladi.

Jumladan, bu yilgi haftalik “Xalqaro saylov standartlari” mavzusi doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Unda talaba-yoshlar o‘rtasida “Ijodiy insholar” tanlovi, “Blis savol-javoblar”, “Zakovat” intellektual musobaqasi hamda talabalarning imitatsiyalashgan “BMT moduli” kabi bir qancha loyiha dasturlari o‘rin olgan.

Joriy yilning 25 oktyabr sanasida universitetning “Siyosatshunoslik” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida “Xalqaro saylov standartlari” mavzusidagi talabalarning imitatsiyalashgan “BMT-moduli” tashkil etildi. Unda jahonning 50 ga yaqin mamlakatlaridagi saylov jarayonlari tizimi, saylovlarni tashkil etish tartibi va xalqaro saylov standartlari talabalar tomonidan atroflicha o‘rganilib, imitatsiyalashgan BMT sammiti doirasida rolli o‘yinlar asosida muhokama qilindi.

Universitetning “Siyosatshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabalari tomonidan tashkil etilgan imitatsiyalashgan “BMT moduli”ni kuzatish uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat transport universiteti hamda boshqa bir qator OTMlarning ham talaba-yoshlari ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad “talaba-yoshlarimiz ongida inson qadri, huquqi va erkinligini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, demokratiyaning muhim ko‘zgusi bo‘lgan saylov jarayonlari borasida bilim, ko‘nikma va tajribalarni mustahkamlashdir” deb ta’kidlaydi “Siyosatshunoslik” kafedrasi professori, siyosiy fanlar doktori Kamoliddin Mirzaaxmedov.

O‘zMU Axborot xizmati