Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMUning sportchi-talabalari dunyo miqyosida tarixiy g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda

Mamlakatimizda yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish borasida jadal yangilanishlar bo‘y ko‘rsatmoqda.

Imtiyoz va imkoniyatlarning amaliy natijasi sifatida yurtimiz yoshlari Olimpiya, Jahon va Osiyo o‘yinlari hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishib kelmoqda. Respublikamizda Taekvondo (WT) sport turining jadal ravishda rivojlanib, yoshlar o‘rtasida yanada ommalashib borayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Taekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish, yuqori mahoratli sportchilar va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi №-3390 sonli “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibida Taekvondo va sport faoliyati” fakultetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lgan emas. Shu qisqa davr mobaynida Taekvondo va sport faoliyati fakultetiga iqtidorli sportchilarni jalb qilish, ularga shart-sharoitlar yaratish maqsadida universitet rahbariyati tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bildirilgan ishonch o‘z samarasini bermay qolmayapti. Birgina misol, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sha’nini astoydil himoya qilib kelayotgan O‘zbekiston Milliy universiteti iqtidorli sportchi-talabasi Ulug‘bek Rashitov barcha raqiblaridan ustun kelib, 2 karra Olimpiya chempioni degan unvonga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston iftixori Ulug‘bek Rashitov hamda universitetimiz iqtidorli sportchilarining yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritishida O‘zMU professor-o‘qituvchilari, murabbiylar jamoasining katta hissasi borligini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Shuningdek, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston Milliy universiteti sportchi-talabalari Jasur Jaysunov, Svetlana Osipova, Ozoda Sobirjonova va Madina Mirabzalovalar ham muvaffaqiyatli ishtirokini boshlash arafasida turibdi. 9-10-avgust kunlari o‘tkaziladigan yakka va jamoaviy bellashuvlarda ularga ulkan omad va zafarlar tilab qolamiz.

Mamlakatimiz dovrug‘ini dunyoga doston qilayotgan, qolaversa, universitetimiz nufuzining mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shayotgan shijoatli sportchi-talabalarimizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, oilaviy baxt va omad yor bo‘lishini tilaymiz.

Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi bilan qizg‘in tabriklaymiz.

O‘zMU Taekvondo va sport faoliyati fakulteti jamoasi