Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Rektor talabalar bilan uchrashdi

Bugun, 7-fevral kuni O‘zbekiston Milliy universitetida rektor va talaba-yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Universitet rektori, professor Inom Madjidov talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning fikr va takliflarini tingladi.

Muloqotda rektor Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini isloh qilish, o‘qitishni xalqaro talablar darajasiga olib chiqish, malakali mutaxassislar tayyorlash, talaba yoshlarning o‘qishi, yashashi, ilmiy tadqiqotlar olib borishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotganligi hamda ta’lim tizimidagi islohotlar samaralari haqida gapirdi.

Uchrashuv davomida faol va tashabbuskor talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ilmiy faoliyatga kengroq jalb etish, amaliyot imkoniyatlarini yaxshilash, ko‘zi ojiz talabalar uchun audio kitoblarni ovozlashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, talabalar chet el universitetlari bilan almashinuv dasturlari va yangi texnologiyalardan foydalanish masalalarida qator savollar bilan murojaat qilishdi.

Jumladan, Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi Nilufar Ergasheva faol va iqtidorli talabalar uchun rektor stipendiyasini joriy etish hamda ijodkor yoshlarning she’riy bayozini tuzish va chop ettirish bo‘yicha taklif bildirdi.

Geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti talabasi Daler Safarov universitet rahbariyati, mas’ullari bilan talabalar o‘rtasida tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha platforma yaratish tashabbusini o‘rtaga tashladi.

Xorijiy filologiya fakulteti Nilufar Ruxillayeva chet el universitetlari bilan almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston Milliy universitetiga kelmoqchi bo‘lgan xorijiy talabalar uchun grantlar joriy etish bo‘yicha fikr bildirdi.

 

Ijtimoiy fanlar fakulteti talabasi Sirojiddin Husniddinov hamda Geografiya va geoaxborot tizimlari fakulteti talabasi Qobiljon Fayziyev talabalardan iborat media hamda musiqiy estrada klublarini tashkil etish, ularni zarur texnik jihozlar bilan ta’minlash masalasida ko‘mak so‘rashdi.

Rektor talabalar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berib, ko‘tarilgan masalalarning aksariyatini hal qilish bo‘yicha tegishli bo‘limlarga topshiriqlar berdi. Universitet rahbariyati shuningdek, yoshlarning tashabbuskorligi va innovasion fikrlashi universitet taraqqiyoti uchun muhim ekanini ta’kidladi.

Tadbir yakunida faol talabalarga minnatdorchilik bildirilgan holda, bunday ochiq muloqotlar kelgusida ham muntazam o‘tkazilishi belgilab olindi.

 

O‘zMU Axborot xizmati