Национальный университет Узбекистана имени Мирзо Улугбека является первым и ведущим высшим учебным заведением не только в Узбекистане, но и в Центральной Азии: 15 факультетов, 80 кафедры, 16 совместных образовательных программ, Количество выпускников 200 000+

Аssalomu alaykum muhtaram ustozlar, aziz talaba yoshlar!


Sizlarni xalqimizning eng ulugʼ, eng aziz bayrami – mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami va yangi - 2021-2022 oʼquv yilining boshlanishi bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Sizlarga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman!
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim uygʼonish jarayoni kechmoqda. “Yangi Oʼzbekiston” va “Uchinchi Renessans” soʼzlari hayotimizda oʼzaro uygʼun va hamohang boʼlib yangramoqda, xalqimizni ulugʼ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.
Bugungi kunda Oʼzbekiston demokratik oʼzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Taʼlim va tarbiya mamlakat taraqqiyoti va uning kelajagi kafolati.
Shunday ekan, zimmamizdagi muhim vazifalardan biri taʼlim olish, raqobatbardosh kadrlar boʼlib, oʼz kasbining ustasi boʼlish, fikrlaydigan, keng dunyoqarashli, vatanparvar inson boʼlib kamol topish hisoblanadi.
Yangi Oʼzbekistonning egalari - aziz oʼgʼil-qizlarim!
Mamlakatimizda yoshlarni oliy taʼlimga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilmoqda. Shu munosabat bilan OʼzMU uchun ajratilgan qabul kvotalari ham yil sayin oshib bormoqda. 2021-2022 oʼquv yilida Oʼzbekiston Milliy universitetiga 60 ta taʼlim yoʼnalish, 79 ta mutaxassisliki boʼyicha 32543 nafar abiturient hujjat topshirdi.
Test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʼtgan oʼgʼil-qizlarimiz OʼzMU talabasi degan sharafli nomga sazovor boʼlishadi.
Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasiga OʼzMU ham munosib tuhfalar tortiq etdi.
Har bir sohaga baho berilayotganda uning imkoniyatlari yosh kadrlarining holati bilan belgilanadi. Bu borada ham universitetda faoliyat olib borayotgan ilmiy va mahorat maktablari talabalari erishayotgan yutuqlar ustozlarimizning salohiyatlarining barometri boʼlmoqda. Jumladan, kuni kecha yosh matematik talabalarimizning nufuzli xalqaro matematiklar olimpiadasida qoʼlga kiritgan oltin medallari, 7 nafar talabamizning Tokio-2020 yozgi olimpiyadasidagi muvaffaqiyatli ishtiroki va ilk bor sportning taekvando yoʼnalishida Olimpiyadaning Oltin medalini qoʼlga kiritgan talabamiz Ulugʼbek Rashitovning gʼalabasi taʼlim sohasidagi islohotlarimizning samarasi va ustozlarimizning mehnatlarining mevasi deb bilamiz.
Bugungi kunda Oʼzbekistonda bir qancha OTMlar faoliyat olib bormoqda. Bu oʼquv maskanlarining ichida OʼzMU yetakchi bundan keyin ham biz marralarni katta olishimiz zarur. Zero, bugungi oʼquv yurtlarining aksariyatiga Milliy universitet poydevor hisoblanadi. Oʼzbek jadid ziyolilari uchun umid va ishonchga aylangan, bir asrdan ortiq tarixga ega bu universitetga jadid bobolarimiz, xususan Munavvar Qori Аbdurashidxonov rahbarligida asos solingan. Bu biz uchun sharaf! Аziz hamkasblarim!
Oʼz ustimizda tinimsiz ishlash, taʼlimdagi innovatsiyalarni muntazam oʼzlashtirib borish, yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish, kasbiy koʼnikma, malaka va kompetentsiyalarni rivojlantirish, talabalarimizni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash bosh mezonimiz boʼlishi zarur.
Qadrli yoshlar!
Sizlarni yana bir bor yangi oʼquv yili bilan chin qalbdan tabriklayman. Barchangizning yangi oʼquv yilida gʼayrat va shijoat bilan qiladigan mehnatlaringiz unumli va samarali boʼlishini tilayman!
Аtoqli maʼrifatparvar alloma, millat fidoiysi Mahmudxoʼja Behbudiyning “Millat taraqqiysi xayoliy orzu-havasda emas, farzandlar kamolotidadir”! Siz yoshlarimizning baxtu saodati, kamolati biz uchun eng oliy maqsadlarimizdan biridir.
Sizlarni yana bir bor mustaqilligimizning 30 yillik bayrami va yangi 2021-2022 oʼquv yili bilan tabriklayman! Oilangizga tinchlik, xotirjamlik, mustahkam sogʼliq tilayman.

Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor Inom Madjidov