E’zozdasiz, ustozlar!
Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetida 1-oktabr "Ustoz va murabbiylar kuni" munosabati bilan "E’zozdasiz, ustozlar!" nomli tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.Unda universitet rahbariyati, soha prorektorlari, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zMU rektori Inom Madjidovning ustoz-murabbiylar, professor-o‘qituvchilarga bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Sharafli yo‘lda samarali faoliyat olib borayotgan fidoyilarga omad va muvaffaqiyatlar tilandi.
So‘ng, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan faol va samarali mehnati uchun taqdirlangan bir guruh professor-o‘qituvchilarga “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Bayramni O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, "O‘zbekkonsert" davlat muassasasining iste’dodli xonandalari hamda iqtidorli talabalarning musiqiy chiqishlari davom ettirdi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda universitetimizda jami 1200 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar asosiy shtatda faoliyat olib boradi, shundan, 12 nafar akademik, 206 nafar fan doktori, professorlar, 461 nafar fan nomzodi, dotsentlar ilmiy va pedagogik jarayonlarni tashkil etishga hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, universitetda “Xirsh” indeksi 5 va undan yuqori bo‘lgan 52 nafar professor-o‘qituvchilarimiz bor.
O‘zMU Axborot xizmati