
“Orol dengiziga ekologik poyezd” yoshlar ekologik aksiyasi doirasidagi safarning 2-kunida ishtirokchilar — Varshava universiteti professori, O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori Boguslav Vilkomirskiy hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining professor-o‘qituvchilari va faol talaba-yoshlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumaniga tashrif buyurishdi.
Ular “Kemalar qabristoni”, “Orol dengizi tarixiy muzeyi” va O‘zbekiston Milliy universitetining 2-o‘quv-ilmiy poligonida bo‘lib, Orol fojiasining oqibatlari va ekologik ahamiyatga ega hududdagi holat bilan bevosita tanishishdi.

Orol dengizi — bir zamonlar dunyodagi eng yirik suv havzalaridan biri edi. XX asrning oxirlariga kelib, u asta-sekin qurib borib, bugungi kunda o‘rnida Orolqum sahrosi paydo bo‘lgan. Mo‘ynoq esa baliqchilar shahri bo‘lganidan dalolat beruvchi yagona narsa — dengizini yo‘qotgan kemalar qabristoni.
Bu tashrif yoshlarda ekologik ongni yanada mustahkamlash, tabiatga mas’uliyatli munosabatda bo‘lish zarurligini chuqur anglashga xizmat qildi.
Tabiat – bu bizning kelajagimiz.