Национальный университет Узбекистана имени Мирзо Улугбека является первым и ведущим высшим учебным заведением не только в Узбекистане, но и в Центральной Азии: 15 факультетов, 80 кафедры, 16 совместных образовательных программ, Количество выпускников 200 000+

“O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi muammolarini ta’limga integratsiya qilish” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakulteti, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda O‘zbekiston geografiya jamiyati hamkorligida “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi muammolarini ta’limga integratsiya qilish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil  9-iyundagi 305-F-sonli Qarori asosida tashkil etilib, unda mahalliy va xorijiy olimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Jumladan, anjuman ishida Rossiya (Rossiya davlat gidrometeorologiya  universiteti, Qozon federal universiteti, Shimoliy Kavkaz federal universiteti, Milliy tadqiqot Tomsk davlat universiti), Yaponiya (Kioto universiteti), Avstraliya (James Cook University) Gruziya (Gruziya texnika universiteti, Gruziya texnika universitetining gidrometeorologiya instituti, Tojikiston (Tojikiston Milliy universiteti, Rudakiy nomidagi Kulyab davlat universiti, Tojikiston fanlar akademiyasi Xo‘jand ilmiy markazi va Fizika-texnika instituti) kabi mamlakatlardan yirik olimlar va soha mutaxassislari qatnashdi.

Yangi O‘zbekistonda global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Malakatimiz iqtisodiyotning suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, energetika, shaharsozlik, sanoat, transport, turizm, mudofa sohalari gidrometeorologik, aniqrog‘i ob-havo va iqlimiy ma’lumotlarga katta ehtiyoj sezadi.

Darhaqiqat, mintaqadagi iqlim o‘zgarishi O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligi, iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetikasi, sanoati rivojlanishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Olimlarimiz tomonidan bu jarayonga moslashishga qaratilgan tadqiqotlar BMT shafe’ligida YUNESKO, JMT, YUNEP, IO‘HEG kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ulardan biri Iqlim O‘zgarishi bo‘yicha BMT Doiraviy Konvensiyasi bo‘lib, uning a’zolari bo‘lmish dunyoning 189 mamlakati qatorida O‘zbekiston ham bor.

Bugungi konferensiyaning asosiy maqsadi hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarda global iqlim o‘zgarishi, uning dunyo mintaqalari va O‘zbekistonda inson faoliyati sohalariga salbiy ta’siri oqibatlarini baholash va moslashish masalalari, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv ob’yektlarining gidrologik rejimi, transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanish muammolari, iqlim o‘zgarishining tabiiy geografik jarayonlarga ta’siri, geoekologik, iqtisodiy va ijtimoiy geografik muammolari hamda ularni kartalashtirish, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va uning tabiiy resurslarga ta’siri muammolarini o‘quv adabiyotlarida yoritishga qaratilgan.

Konferensiyada quyidagi 5 ta dolzarb ilmiy yo‘nalishlarida erishilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijalari muhokama qilindi:

- Global iqlim o‘zgarishi, uning dunyo mintaqalari va O‘zbekistonda inson faoliyati sohalariga salbiy ta’siri oqibatlarini baholash va moslashish masalalari.
- Iqlim o‘zgarishi sharoitida suv ob’yektlarining gidrologik rejimi, transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanish muammolari.
- Iqlim o‘zgarishining tabiiy geografik jarayonlarga ta’siri, geoekologik, iqtisodiy va ijtimoiy geografik muammolari hamda ularni kartalashtirish.
- O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va uning tabiiy resurslarga ta’siri muammolarini o‘quv adabiyotlarida yoritish, mutaxassis kadrlar tayyorlash masalalari.
- Iqlim o‘zgarishi muammolari talabalar nigohida.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zMU olimlarining iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilish borasidagi ilmiy nashrlari va loyihalarining samarasi o‘laroq, 2020-2022 yillarda O‘zMU Times Higher Education Impact Rankinda dunyoning kuchli 500 universitetlari qatoriga kirib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha 101-400 o‘rinni egallagan.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi muammolarini ta’limga integratsiya qilish” mavzuidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya jahonning global muammolaridan biri-xususan iqlim o‘zgarishining turli sohalarga ta’sirini o‘rganish masalalariga bag‘ishlandi. Konferensiya yakunida iqlim o‘zgarishining dolzarb muammolari yechimlariga qaratilgan tadqiqotlarda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, global miqyosda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

O‘zMU Axborot xizmati