S.H. Sirojiddinov nomidagi akademik litseyda bayram tadbiri hamda uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan S.H. Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri va uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.

Tantanali marosimda davlat va jamoat arboblari, faxriy ustozlar, O‘zMU rahbariyati, litsey jamoasi hamda o‘quvchilar ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar barcha fidoyi pedagoglarni kasb bayrami bilan samimiy qutlab, ularning mas’uliyatli va sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi, davlat arbobi Eshmirza Abdualimov, Qurilish vazirligi Ekspertiza markazi direktor o’rinbosari Erkin Iskandarov, O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Ravshan Musurmanov hamda universitet dotsenti Ne’mat Norqulov barcha pedagoglarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etishdi.

Ta’lim-tarbiya sohasida alohida o‘rnak ko‘rsatib kelayotgan bir guruh ustozlar ko‘krak nishonlari, estalik nishonlari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.

Jumladan:

Aslonova Muhtaram Askarovna – «Ta’lim sohasidagi fidoyi xizmatlari» estalik nishoni hamda O‘zMU rektori I.U. Madjidov tomonidan «Tashakkurnoma» bilan;
Yuldasheva Go‘zal Daniyarovna – «O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan;
Sadullayeva Gulshod Ubaydullayevna – O‘zMU rektori I.U. Madjidov tomonidan «Tashakkurnoma» bilan taqdirlandilar.

Tadbirning badiiy-musiqiy qismida litseyning iqtidorli o‘quvchilari va ustozlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar hamda samimiy chiqishlardan iborat musiqiy dastur yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.