Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Sen aziz va muqaddassan ayol

O’zbekiston Milliy universitetida 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Sen aziz va muqaddassan ayol” mavzuida universitet xotin-qizlari ishtirokida bayram tadbiri o’tkazildi. Bayram tadbirini universitet rektori, professor Inom Madjidov universitetda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni bahoriy bayram bilan samimiy qutladi:
“- Avvalo, 8-mart bayrami bilan universitet ayollar jamoasini, talaba-qizlarni, sizlarning timsolingizda, fidoiy pedagog ayollarimizni, muhtarama onaxonlarimiz, qadrli opa-singillarimiz, go‘zal qizlarimizni chin qalbimdan muborakbod etaman.
Ayolni eʼzozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat.
Bugungi kunda mamlakatimizda ayollarning farovon hayot kechirishi hamda jamiyatda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Muhtaram Prezidentimiz “Ayollarni rozi qilish—davlatimizning eng katta siyosatidir” degan so‘zlari bilan jamiyatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan ehtiromning eng oliy namunasini ko‘rsatib berdilar.”
Shuningdek, universitet rektori tomonidan universitet faol xotin-qizlari tashakkurnoma va esdalik sovg’alar bilan taqdirlandilar.
Bayram tadbirida taʼkidlanganidek, ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos boʻlib keladi. Tadbirda mamlakatimizda ham ayollarning jamiyatimizdagi oʻrni, mavqei oshib borayotganligiga alohida urgʻu berildi.
Bayram tadbirining badiiy qismida universitet iqtidorli talaba-yoshlarining bayramona she’riy tabriklari, O’zbekiston Davlat Satira teatri xonanda va kulgu ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Tadbir haroratli va ko’tarinki ruhda bo’lib o’tdi.

O’zMU Axborot xizmati