Zaxidova Mavluda Abdukarimovna 1978-yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) Fizika fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
1979–1986-yillarda Rossiya Fanlar akademiyasining Umumiy fizika institutida (IOFAN, Moskva) Nobel mukofoti laureati, akademik A.M. Proxorov rahbarligida ilmiy tadqiqot olib borgan. Aspiranturada tahsil olib, “Shisha sirtida joylashgan brom molekulalariga lazer nurining rezonans ta’siri” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.
2024-yilda O‘zbekiston Fanlar Аkademiyasining Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida “Zaryadlanmagan atom va molekulalarning shaffof qattiq jism sirti bilan o‘zaro ta’sirining Raman spektroskopiyasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Ilmiy yo‘nalishi lazer nuri ta’siridagi rezonans geterogen jarayonlarni o‘rganishga bag‘ishlangan. U INTAS (Yevropa Ittifoqi), O‘NTC grantlari hamda O‘zbekiston–Hindiston qo‘shma ilmiy dasturlarida faol ishtirok etgan. Shuningdek, Shveysariya, Hindiston va Koreya Respublikasida ilmiy-pedagogik malakasini oshirgan.
M.A. Zaxidova 70 dan ortiq ilmiy maqola, 2 ta darslik va 8 ta o‘quv qo‘llanma muallifi hisoblanadi. 1989-yildan buyon O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetida ilmiy-pedagogik faoliyat yuritib kelmoqda. U ko‘p yillardan beri fakultet Kasaba uyushmasi raisi va universitet Xotin-qizlar “Olima” uyushmasi raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.
1978–1979 yy. – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti kichik ilmiy xodimi
1979–1983 yy. – Rossiya Fanlar akademiyasi Fizika instituti muhandisi
1983–1986 yy. – Rossiya Fanlar akademiyasi Umumiy fizika instituti aspiranti
1986–1990 yy. – Toshkent davlat universiteti Amaliy fizika instituti katta ilmiy xodimi
1990–1991 yy. – Toshkent davlat universiteti Fizika fakulteti Umumiy fizika kafedrasi katta o‘qituvchisi
1991–1994 yy. – Toshkent davlat universiteti Fizika fakulteti Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasi doktoranti
1994–2005 yy. – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakulteti “Umumiy fizika, fizikani o‘qitish uslubi va atmosfera fizikasi” kafedrasi dotsenti
2005–2019 yy. – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakulteti “Umumiy fizika” kafedrasi dotsenti
2019 – hozirgi vaqtgacha – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakulteti “Umumiy fizika” kafedrasi professor v.b.