Umrini ezgu ishlarga bag‘ishlagan ardoqli ustoz yodi

Xalqimiz faxri bo‘lgan ulug‘larimiz umri, turmush tarzi va amaliy faoliyatlari ezguliklarga yo‘g‘rilgan. Ma’rifatga intilish, ziyolilik hamisha inson kamolotga erishishining muhim sharti bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolaveradi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti tashabbusi bilan so‘z qadrini ulug‘lagan, ma’rifat tarafdori bo‘lgan ardoqli ustoz, taniqli jurnalist, publitsist, adabiyotshunos Saydi Umirov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan “Ustoz yodi” deb nomlangan xotira kechasi o‘tkazildi.
Unda respublikadagi taniqli jurnalistlar, publitsistlar, ustozning shogirdlari va yaqinlari, shuningdek, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Yoqub Ergashov ochib berar ekan, ilm-fan rivoji, ravnaqi yo‘lida umrini baxshida etgan ustozlarni yodga olish, avlodlarga namuna sifatida ko‘rsatish sharafli va mas’uliyatli ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Har qanday odamning umri o‘zidan keyingilar uchun namuna. Saydi Umirovdek fidoyilarning hayoti, faoliyati esa biz uchun boshidan oxirigacha ibrat, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli yozuvchi va publitsist Xurshid Do‘stmuhammad. – Saydi aka bilan 1968-yilda tanishganman, u kezlar birinchi kursda o‘qirdik. Ular 80 yil yashagan bo‘lsa, butun umrini o‘z kasbiga sadoqat bilan o‘tkazdi. Hayotining oxirigacha o‘z kasbiga sodiq qoldi. O‘ylaymanki, bu katta ibrat.
Saydi Umirov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Mehnat shuhrati” ordeni, 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni, “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti sovrindori, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, yetuk jurnalist, publitsist, tarjimon, ko‘plab shogirdlarning ustozidir.







O‘zMU professori, Saydi Umirov shogirdlaridan biri Yoqutxon Mamatova ham o‘z xotiralari bilan bo‘lishdi. – Ustoz bilan ko‘p yillar birga ishladik. Sakson yoshga kirib qolganlarini ham sezmadik, chunki ochiq chehra va kulgu, samimiyat va yumshoqlik Saydi domlamning yoshini yashirib turardi. Ustoz ijodi va faoliyatining barakasi, baxtli hayotining siri oilasiga bo‘lgan sodiqligi, umr yo‘ldoshlari Oylarxon opaga bo‘lgan cheksiz muhabbati, qizlari Gulchehraxon va o‘g‘illari Vohidjonlarga, nabiralariga bo‘lgan mehr va oqibatida edi.
Tadbir so‘nggida so‘z olgan ustozning o‘g‘li Abduvohid Umirov o‘z otasi bilan bog‘liq xotiralarini yodga olib, kechani tashkil qilishda beminnat ko‘mak bergan O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyatiga, Jurnalistika fakultetiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
– Otam har doim adabiy jarayon ichida bo‘lganlar, ular bor davrada, xoh ko‘cha-ko‘y bo‘lsin, xoh oilaviy yig‘inlar, adabiyot haqida so‘z borardi.
Otamning ko‘p fazilatlariga qoyil qolib kelganmiz. Ayniqsa, ularning jasoratiga to‘xtalmasdan iloj yo‘q. Otam Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyatini yoritish uchun uncha-munchaning yuragi dov bermagan 600 metrlik chuqurlikka kirib, konchilar va shaxtyorlar bilan suhbatlashib reportajlar tayyorlagan, turkum maqolalar chop ettirgan.
Otamning eng yaqin do‘stlaridan biri ustoz Boybo‘ta Do‘stqorayev edi. Ular hayot bo‘lganlarida saksonga kirgan bo‘lardilar. Ustozni bilgan yaqinlari, shogirdlari tashabbusi bilan ular haqida xotira kitob tayyorlanmoqda. Ushbu xayrli ishda ishtirok etayotganligim, kitobga muharrirlik qilayotganligimdan mamnunman. Aminmanki, bu otamning ham ruhini shod qiladi.

Saydi Umirovning umr daftarlari endi bitikka aylandi. Moziyga oshno bo‘lgan Ustozning umr daftari zarvaqaklarida hayotni sevish va undan zavq olish, uning tashvish va quvonchlarini birdek kutib olish, insonlarga mehr ulashish, yoshlarga tirgak va tog‘ bo‘lish saboqlari bitilgan. Ushbu saboqlar mohiyati oddiygina – har bir in’om etilgan kun va daqiqani qadrlash, shukronalik bilan umrguzaronlik qilish, ijodda, ilmda to‘xtamaslik, yangi cho‘qqilarga intilish va ularni zabt etish, shogirdlarga, farzandlarga qalqon turish, yaqinlar dardiga malham bo‘lish, uzoq va yaqin odamlarga qo‘ldan kelganicha yaxshi amal ko‘rsatish. Bularning barchasini ustoz Saydi Umirovning o‘z hayotlari davomida qila oldilar. Demak, ular ketmadilar. Ular endi o‘z nurini Zaminga sochayotgan, nuridan hamma bahra oladigan, yangi va barakali xosil berayotgan Oftob bo‘ldilar.
O‘zMU Axborot xizmati