“Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz”.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Har qanday mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti ilm-fanning rivoji, ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish va yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bilan uzviy bog‘liq. Bu jarayonda universitetlar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklanadi. Zero, zamonaviy universitetning vazifasi yuqori malakali kadrlar tayyorlash bilan birga, ilmiy taraqqiyotni harakatga keltirish, innovatsion yechimlarni shakllantirish, mamlakat iqtisodiyotiga va jamiyatning ma’rifiy, intellektual rivojiga hissa qo‘shish.
Bu vazifa, ayniqsa, texnologiyalar jadal yangilanayotgan, sun’iy intellekt va raqamli yechimlar jamiyat hayotining turli sohalariga kirib borayotgan hozirgi davrda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sharoitda klassik universitetning ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ekotizimini shakllantirishi zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy maktablar yaratish, malakali tadqiqotchilar, ilmiy g‘oyani tadqiqotga, tadqiqot natijasini esa texnologiya, mahsulot yoki iqtisodiy samaraga aylantira olish salohiyati bilan belgilanadi.
Ilmiy infratuzilma — yangi imkoniyatlar asosi
O‘zbekistonda ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor oliy ta’lim muassasalari zimmasiga yangi vazifalarni yuklamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF-98-son Farmoniga muvofiq, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning yettita ustuvor yo‘nalishi belgilangan. Ulardan biri sifatida raqamli va axborot texnologiyalari, jumladan, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar tahlili va raqamli yechimlarni ishlab chiqish ko‘rsatilgani mamlakat taraqqiyotida ushbu sohalarning ahamiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini kengaytirish, zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish va yangi texnologik loyihalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlardan ko‘zlangan maqsad — olimlar va yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy izlanish olib borish mavzularini kengaytirish, ilmiy natijalarning amaliy qiymatini oshirishga imkoniyat yaratishdir.
Xususan, universitetda sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari tadqiqotlar platformasi tashkil etilgan. Shuningdek, modellashtirish va robototexnika laboratoriyasi tashkil etilib, ushbu yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Sun’iy intellekt tadqiqot platformasi imkoniyatlari asosida o‘zbek tiliga ixtisoslashgan sun’iy intellekt modellari va ochiq ma’lumotlar to‘plamlarini yaratish ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Bu ishda universitetning filologiya, matematik modellashtirish va axborot texnologiyalari yo‘nalishlari olimlari hamkorlikda ish olib boradi.
Bu kabi infratuzilmalar tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, murakkab texnologik vazifalarni hal etish va turli sohalar uchun zarur ilmiy-texnik yechimlar berishga xizmat qilishi kerak. Buning uchun laboratoriyalardagi imkoniyatlarni ta’lim jarayoni, fundamental va amaliy ilmiy loyihalar va ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan bog‘lash muhimdir.
Ilm-fanning zamonaviy yo‘nalishlaridan yana biri — kosmik tadqiqotlar va aerokosmik injiniringdir. 2026-yilda universitetda SatNOGS platformasiga kiritilgan yer usti stansiyasining ishga tushirilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bu yo‘nalishdagi ishlarning davom ettirilishi aerokosmik texnologiyalarni o‘rganish va ularning ilmiy imkoniyatlaridan foydalanish uchun yangi sharoitlar ochib beradi.
Muqobil energiya manbalarini rivojlantirish ham universitet e’tibor qaratayotgan muhim yo‘nalishlardan biridir. Xususan, fizika fakulteti talabalari quyosh panellarining foydali ish koeffitsiyentini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini amaliyotga joriy etish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
Suv resurslaridan samarali foydalanish, cho‘llanishning oldini olish va tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashish kabi masalalar ham ilmiy izlanishlarning dolzarb yo‘nalishlaridir. Hozirda Mo‘ynoq tumanida universitetning dala tajriba maydonchalarida ushbu muammolarga bag‘ishlangan uchta ilmiy-tadqiqot ishi olib borilmoqda.
Bu yo‘nalishlarning bir jihati e’tiborga molik: ularning har biri bevosita hayot ehtiyojlari bilan bog‘liq. Suv tanqisligi, ekologik muammolar va energiya ta’minoti kabi masalalarni hal etishda ilmiy asoslangan yondashuvlarga ehtiyoj katta. Shu bois universitet tadqiqotlarining mamlakat hududlaridagi real muammolar bilan bog‘lanishi ilm-fanning ijtimoiy ahamiyatini oshiradi.
Zamonaviy laboratoriyalar va yangi tadqiqot imkoniyatlari
Ilmiy infratuzilmani rivojlantirishda xalqaro talablar va standartlarga mos sharoitlar yaratish ham muhim o‘rin tutadi. Bu borada universitetda kimyo va biotexnologiya yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyatga ega.
58-xalqaro Kimyo olimpiadasining amaliy qismini Kimyo fakultetida o‘tkazish munosabati bilan mavjud laboratoriya xonalari jahon standartlariga muvofiqlashtirildi va 400 o‘rinli zamonaviy laboratoriya majmuasi jihozlandi. Bu nafaqat xalqaro miqyosdagi nufuzli intellektual musobaqani tashkil etish uchun zarur sharoit, balki talabalar va tadqiqotchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun ham muhim imkoniyatdir.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariaro molekulyar va biohujayra texnologiyalari laboratoriyasida kimyo hamda biotexnologiya sohalariga oid ilg‘or tadqiqotlar olib borilmoqda. Bunday laboratoriyalarning faoliyati turli ilmiy yo‘nalishlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy tadqiqot usullarini o‘zlashtirish va ilmiy natijalarni amaliyotga yaqinlashtirish uchun zamin yaratadi.
Biroq zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish jarayonning bir qismi, xolos. Ularning samaradorligi, avvalo, ilmiy jamoalarning salohiyati, tadqiqotlarning uzluksizligi, uskunalardan samarali foydalanish va olingan natijalarning talab darajasida bo‘lishiga bog‘liq. Shuning uchun infratuzilmani rivojlantirish bilan bir qatorda, tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni ilmiy izlanishlarga jalb etish va fanlararo hamkorlikni kuchaytirish ham muhim vazifadir.
Ilmiy salohiyat va xalqaro e’tirof
Universitetning ilmiy salohiyati, eng avvalo, uning olimlari, ularning tadqiqot natijalari va yaratgan ilmiy maktablari bilan belgilanadi. Zamonaviy infratuzilma ana shu salohiyatni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi, ammo uning samarasi bevosita inson omiliga bog‘liq.
Bugungi kunda O‘zbekiston Milliy universitetida 1273 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ularning 774 nafari ilmiy darajaga ega bo‘lib, bu jami professor-o‘qituvchilarning 60,8 foizini tashkil etadi. Jumladan, 243 nafar fan doktori (DSc) va 531 nafar falsafa doktori (PhD) bor.
Bu ko‘rsatkichlar universitetda shakllangan ilmiy salohiyatning muhim qismini tashkil etadi. Ayni paytda, ilmiy darajaga ega mutaxassislar ulushini oshirish bilan birga, ularning tadqiqotlarini yangi ilmiy natijalar, xalqaro hamkorlik va amaliy ishlanmalar bilan boyitish ham dolzarbdir.
Scopus ma’lumotlar bazasi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, universitetda h-indeksi 5 va undan yuqori bo‘lgan professor-o‘qituvchilar soni 87 nafarga yetgan. Ushbu ko‘rsatkich so‘nggi uch yilda 1,7 baravarga oshgan. Bu ilmiy faollikni baholashda e’tibor qaratiladigan muhim omillardan biridir.
Universitet olimlarining tadqiqotlari Scopus va Web of Science kabi nufuzli xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalarida chop etilmoqda. Shuningdek, universitetning bir qator olimlari dunyo olimlarining eng ko‘p iqtibos keltiriladigan 2 foizi qatorida qayd etilgan. 2026-yilda esa bir qator ixtirolar uchun patentlar olindi.
Universitetimizning xalqaro reytinglardagi natijalari ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini namoyon etmoqda. Ayni paytda dunyo universitetlarining nufuzli QS World University Rankings reytingida universitetimiz 801–850-o‘rinlarni egallab turibdi. QS Asia University Rankings 2026 reytingida 180-o‘rin, QS Sustainability Rankings 2026 reytingida esa 970-o‘rin qayd etildi.
Shuningdek, universitet QS Stars baholash tizimida 4 yulduzli maqomga ega. Fan yo‘nalishlari bo‘yicha natijalarimiz ham e’tiborga molik: QS World University Rankings by Subject 2026 reytingida arxeologiya yo‘nalishi 201–260-o‘rinlar, lingvistika va matematika yo‘nalishlari 301–350-o‘rinlar, fizika va astronomiya yo‘nalishi esa 401–450-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.
Bu natijalar universitetimizning xalqaro akademik maydondagi mavqeini mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish va ta’lim raqobatbardoshligini yanada kuchaytirishga qaratilgan professor-o‘qituvchilarimiz sa’y-harakatlarining izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Ilmiy g‘oyadan amaliy natijagacha
Ilmiy-tadqiqot ekotizimining muhim xususiyatlaridan biri — yaratilgan bilim va ishlanmalarning amaliyotga tatbiq etilishidir. Agar ilmiy natija laboratoriya yoki ilmiy maqola doirasida qolib ketsa, uning iqtisodiy va ijtimoiy samarasi cheklangan bo‘ladi. Shu sababli ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, ular asosida yangi mahsulot va xizmatlar yaratish, tadqiqotchilarning ishlab chiqarish bilan aloqalarini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada universitetda muayyan tajriba shakllanmoqda. Jumladan, biotexnologiya va neft mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishlarida. Universitetda yaratilgan bilim va texnologiyalarning iqtisodiy qiymatga ega bo‘lishi, tadqiqot natijalaridan foydalanish ko‘lamini oshirish uchun sharoit yaratish ustida ishlanmoqda.
2026-yilda universitet tomonidan davlat dasturi doirasida jami 43 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, yirik ishlab chiqarish tashkilotlari, ya’ni Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, «O‘zbekneftgaz» AJ, «Navoiyuran» DK, «O‘zmetkombinat» AJ, «Navoiyazot» AJ korxonalari bilan xo‘jalik shartnomalari bajarilmoqda. Bu kabi loyihalar va shartnomalar universitet ilmiy salohiyatining turli sohalardagi ehtiyojlar bilan bog‘lanishiga xizmat qiladi.
Fundamental tadqiqotlar yangi bilimlarni shakllantirsa, amaliy va innovatsion loyihalar ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuning uchun ilmiy faoliyatni tashkil etishda ushbu yo‘nalishlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlash muhim. Fundamental ilm-fanga e’tiborni susaytirmagan holda, uning natijalarini ishlanmalar, texnologiyalar va yangi mahsulotlarga aylantirish mexanizmlarini takomillashtirish universitet ilmiy ishlarini rivojlantirish ustuvorligini tashkil etadi.
Bunda davlat va xususiy sektor, ilmiy muassasalar hamda ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Korxonalarning texnologik ehtiyojlarini o‘rganish, ular uchun ilmiy yechimlar taklif etish va tadqiqot natijalarini amaliyotda sinab ko‘rish universitetning innovatsion faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish birlamchi vazifasi.
Universitet taraqqiyotining yangi mezonlari
Xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallash bugungi kunda universitetlar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Jumladan, dunyoning eng yaxshi universitetlari qatoriga kirish maqsadi ham ilmiy salohiyat, ta’lim sifati va xalqaro hamkorlikni izchil rivojlantirishni talab etadi.
Biroq bunday maqsadga erishishni faqat reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash bilan bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri emas. Xalqaro reytinglar universitet faoliyatining muayyan mezonlar asosidagi bahosini beradi. Universitetning uzoq muddatli taraqqiyoti esa ta’lim va tadqiqot sifati, akademik muhit, ilmiy natijalar, xalqaro hamkorlik hamda davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyat kabi omillarning o‘zaro uyg‘unligiga bog‘liq.
Shu nuqtayi nazardan, top universitetlar qatoriga kirish vazifasi universitet faoliyatini tizimli takomillashtirishga xizmat qilishi kerak. Ilmiy nashrlar sifati va xalqaro iqtiboslar ko‘rsatkichlarini yaxshilash, nufuzli xorijiy universitetlar va tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni tadqiqotlarga jalb etish shular jumlasidandir.
Universitetning kelgusi taraqqiyotida yana bir muhim jihat — ta’lim va ilm-fanning uzviyligini ta’minlashdir. Talaba zamonaviy bilimlarni tayyor holda o‘zlashtirish bilan cheklanib qolmasligi, balki ilmiy savol qo‘yish, mustaqil izlanish, dalillar bilan ishlash va yangi yechimlar taklif etish, ratsional qaror qabul qilish ko‘nikmalarini ham egallashi zarur. Buning uchun talabalarni ilmiy loyihalarga jalb qilish, yosh tadqiqotchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va professor-o‘qituvchilarning ilmiy tajribasini ta’lim jarayoniga bevosita keng tatbiq etish muhimdir.
Shuningdek, universitetning xalqaro nufuzini oshirishda akademik hamkorlik, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning xalqaro ilmiy aloqalari, qo‘shma loyihalar va ilmiy natijalar almashinuvi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi ishlarning izchilligi universitetning xalqaro ilmiy makondagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Imkoniyatlardan samarali foydalanish — asosiy vazifa
Bugun O‘zbekiston Milliy universitetida ilmiy infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish va tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish ishlari mamlakatimizda ta’lim va ilm-fanga qaratilayotgan katta e’tibor hamda oliy ta’lim muassasalari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar bilan chambarchas bog‘liq.
Ilmiy tadqiqot va innovatsiya ekotizimi izchil rivojlanishi uchun davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar, universitetning ilmiy salohiyati, tadqiqotchilar tashabbusi va ishlab chiqarish bilan hamkorlik bir-birini to‘ldirishi zarur. Maqsad — ilm-fan natijalarini iqtisodiyot tarmoqlariga kengroq kiritib borish, yoshlarning ilmiy izlanishlarga qiziqishini tarbiyalash va universitetning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash.
Asosiy vazifa — erishilgan natijalarni mustahkamlash hamda universitetda yaratilgan har bir ilmiy g‘oyaning laboratoriya ostonasidan chiqib, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishini ta’minlashdir.
Inom Madjidov,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori,
Toshkent shahar Kengashi deputati
