O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbir talabalar shaharchasidagi Beruniy maydonida o‘tkazilgan harbiy paraddan boshlanib, unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati, Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda universitet qoshidagi harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi rahbar-xodimlari, tegishli mas’ullar va harbiylar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Milliy universiteti bosh maydonida universitet qoshidagi Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi tomonidan harbiy qurol-aslaxalar hamda texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Harbiy chiqishlar va konsert dasturi namoyishi oldidan so‘zga chiqqanlar Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yig‘ilganlarni qizg‘in tabriklashdi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlar akademiyasi harbiy xizmatchilari, Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari ijrosida harbiy chiqishlar namoyish etildi.
Madaniyat va san’at vakillari, estrada xonandalarining musiqiy chiqishlari tadbirga alohida shukuh baxsh etdi.
O‘zMU Axborot xizmati