Bugun buyuk astronom va matematik, Temuriylar davlatining hukmdori, davlat arbobi Mirzo Ulugʻbekning 631 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi haykal poyida «Ulugʻbek xazinasi» nomli tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Otabek Mahkamov ochib berdi.
Tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi ham ishtirok etib, alloma haykali poyiga gul qo‘yishdi va ehtirom ko‘rsatishdi.
Mirzo Ulugʻbek oʻz davrining ulugʻ allomalaridan biri boʻlib, uning ilm-fanga qoʻshgan ulkan hissasi Samarqand rasadxonasi va “Zij-i Koʻragoniy” asari orqali namoyon boʻlgan. U Yevropa ilm-fani rivojlanishidan oldinroq 1018 yulduzning koordinatalarini aniqlagan, yil davomiyligini 365 kun 6 soat 10 daqiqa 8 soniya deb hisoblab, atigi 25 soniyaga adashgan. Uning rasadxonasida amalga oshirilgan kuzatuvlar butun dunyo astronomiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan.
Ulugʻbek nafaqat ilmiy tadqiqotlar bilan, balki falsafiy va madaniy faoliyat bilan ham shugʻullangan. U ilm-fan va diniy tafakkur oʻrtasida muvozanat yaratishga harakat qilgan, bu esa uning ilmiy yondashuvini yanada rivojlantirishga yordam bergan.
1417-1420-yillar Ulugʻbek Samarqandda madrasa qurdirib, Registonda barpo etilgan birinchi meʼmoriy ansamblga aylanadi. Ushbu madrasaga Ulugʻbek islom olamining koʻplab astronom va matematiklarini taklif etadi. Qolgan ikki madrasa Gʻijduvon va Buxoroda qurilgan. Ulugʻbek tomonidan qurilgan madrasalar universitet vazifasini bajargan. Ulugʻbekning Buxoroda qurdirgan madrasasi peshtoqida “Ilmga intilish har bir musulmon uchun farzdir” yozuvi saqlanib qolgan.
Hozirgi kunda bobokalonimiz ilmiy tadqiqotlarining vorisi sifatida davom ettirgan holda, Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning ilmiy izlanishlarini ragʻbatlantirish yoʻlida muhim tashabbuslarni amalga oshirilmoqda. Bulardan biri isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Mirzo Ulugʻbek”jamgʻarmasi bilan hamkorlikda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2022-yildan boshlab har yili «Mirzo Ulugʻbek vorislari» tanlovini oʻtkazib kelinmoqda. Har yili ushbu tanlov 25 yoshgacha boʻlgan 200 mingdan oshiq yoshlarni qamrab oladi. Ushbu nufuzli tanlov orqali bugungi kungacha Respublikadan jami 300 nafar iqtidorli yoshlar gʻolib deb topildi. Joriy yilning may oyida esa ushbu safga yana 100 nafar yosh qoʻshiladi.
Tadbirda Mirzo Ulugʻbek vorislari sifatida ushbu yoshlarimizdan 60 nafari ishtirok etdi. Buyuk ajdodimiz Mirzo Ulugʻbekning ilmiy merosiga munosib vorislar boʻlish yoʻlida sobit qadamlar tashlayotgan yoshlar yigʻilganlarga oʻzlarining turli yoʻnalishlardagi ilmiy, innovatsion loyihalari, erishayotgan natijalari haqida soʻzladilar.
Tadbir Mirzo Ulugʻbek haykali poyiga gul qoʻyish bilan yakunlandi.