Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Akademik Nusrat Parpiyev tavalludining 90 yillik xotirasiga bag‘ishlangan “Kompleks birikmalar kimyosining dolzarb muammolari” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiya


2021 yil 14-15 sentabr kunlari O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (O‘z.R. F.A) Umumiy va noorrganik kimyo instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (O‘z.R. F.A) O.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti bilan hamkorlikda O‘z.R. F.A akademigi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Xalqaro oliy maktab akademiyasi akademigi, kimyo fanlari doktori, professor Parpiyev Nusrat Agzamovich tavalludining 90 yillik xotirasiga bag‘ishlangan “Kompleks birikmalar kimyosining dolzarb muammolari” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov, O‘z.R. F.A Umumiy va noorrganik kimyo instituti direktori, professor X.T.Sharipov, O‘zbekiston Milliy universiteti Kimyo fakulteti dekani, professor Sh.A.Qadirova, O‘z.R. F.A akademigi, Bioorganik kimyo instituti direktor o‘rinbosari A.S.To‘rayev, Buxoro Davlat universiteti professori Umarov B.B, Termiz Davlat universiteti kimyo fakulteti dekani, professor To‘rayev X.X , universitet professor o‘qituvchilari va talaba-yoshlar imshtirok etdi. Mazkur Respublika ilmiy-amaliy konferensiyani O‘zMU rektori Inom Madjidov ochib berdi va o‘z nutqida akademik Nusrat Parpiyevning faoliyatini alohida e’tirof etdi: “Akademik Nusrat Parpiyev respublikamizning jamoat ishlarida faol qatnashib kelgan. O‘zbekiston kimyogarlar jamiyatining raisi, O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi ilmiy-uslubiy birlashmalar faoliyatini muvofiqlantiruvchi Kengash Prezidiumining a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi Prezidiumining a’zosi, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish maxsus kengashi a’zosi, O‘zbekiston kimyo jurnali redkollegiyasi a’zosi va O‘zbekiston Oliy o‘quv yurtlari axborotnomasi jurnalining “Ximiya va biologiya” seriyasining bosh muharriri sifatidagi ishlari bunga yorqin misol bo‘la oladi”.


Shundan so‘ng O‘zMU Kimyo fakulteti dekani Shahnoza Kadirova “Koordinatsion birikmalar kimyosi ilmiy maktabi asoschisi” mavzuida ma’ruza o‘qidi. Shu bilan birga, akademik Nusrat Parpiyev ijodi va uning xorijiy va respublika miqyosdagi ilmiy ishlari hamkasblari, shogirdlari va izdoshlari tomonidan xotirlandi. Anjuman mobaynida akademik, professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘zbek kimyogarlarining so‘nmas yulduzi, hayotda ham ilmda ham ustoz bo‘lgan akademik Nusrat Parpiyevning ijod faoliyati to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.
Ma’lumot o‘rnida, akademik Nusrat Parpiyev noorganik kimyo sohasidagi dolzarb yo‘nalish bo‘lgan koordinatsion (kompleks) birikmalar kimyosi bo‘yicha samarali mehnat qilgan yirik olimdir. Nusrat Parpiyev va u rahbarlik qilgan jamoaning ilmiy yo‘nalishi — yangi kompleks birikmalarni sintez qilish, fizikaviy va kimyoviy xossalarini o‘rganish bilan birga zamonaviy eksperimental va hisoblash usullarini qo‘llab sintez qilingan birikmalarni amaliyotga tatbiq qilish bilan bog‘liq. Akademik Nusrat Parpiyevning shogirdlari bilan olib borilgan tatqiqotlari faqat fundamental va nazariy ahamiyatga ega bo‘lmasdan balki aniq amaliy ahamiyatga ham egadir. Molibden, reniy, volfram va simobni aniqlash hamda yuqori darajada toza molibden olishning termik usuli ishlab chiqildi. Bu ishlar bevosita nazariy izlanishlar natijasi bo‘lib, amalda O‘zbekiston qiyin eruvchan va o‘tga chidamli metallar kombinatida tatbiq qilindi. Ishlarning yana bir amaliy tomoni shundaki, olingan komplekslarning ayrimlari yuqori katalitik va bioaktiv xususiyatga egadir.

O‘zMU Axborot xizmati