Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Oliy o‘quv yurtlarida inklyuziv ta’limning istiqbollari va imkoniyatlari

Joriy yilning 25-mart kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Ijtimoiy ish kafedrasi tashabbusi bilan “Oliy o‘quv yurtlarida inklyuziv ta’limning istiqbollari va imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“Ijtimoiy-iqtisodiy inklyuziya” loyihasi doirasida o‘tkazilgan mazkur davra suhbati mamlakat oliy ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’lim g‘oyalarini manfaatdor tashkilotlar va fuqarolar o‘rtasida ommalashtirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda inqirozli vaziyatlarda bo‘lgan yoshlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ta’limda teng imkoniyatlar yaratish masalasi doirasida fikr almashildi.

Davra suhbatida “Yuksalish” milliy harakatidan loyiha koordinatori Farhod Sherzatov, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi, Oliy Majlis senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi ekspertlar kengashi a’zosi Oybek Isoqov, “Ijtimoiy ish” kafedrasi dotsenti Abdulla Abduxalilov, loyihaning ijtimoiy xodimi Susanna Turaqulova ma’ruza qildi.

Mazkur tadbirda nogironligi bo‘lgan yoshlarni qamrab olish prizmasi orqali loyiha ishining tuzilishiga, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya doirasida nogironlikni tushunish masalalariga, Nogironlikni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy markaz konsepsiyasiga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislar tomonidan universitetlarga qo‘shimcha kvota boʻyicha oʻqishga qabul qilingan imkoniyati cheklangan talabalar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga asosan talaba va yoshlar uchun inklyuziv klub tashkil etish taklif qilindi, loyiha esa ushbu tashabbusni qo’llab-quvvatladi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar ushbu yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va inklyuziv kuchli fuqarolik jamiyati yo‘lida birlashgan ishlarni amalga oshirish muhimligi haqida yakdil fikrga keldilar.