Turkiyaning Qoradengiz texnika universiteti bilan hamkorlik aloqalari kuchaytirilmoqda

Bugun, 26-oktabr kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Turkiya Respublikasining Qoradengiz texnika universiteti (Karadeniz Technical University — KTÜ) rektori Prof. Dr. Hamdullah Çuvalcı boshchiligidagi rasmiy delegatsiyani qabul qildi.

Delegatsiya tarkibida rektor o‘rinbosari Prof. Dr. Ali Temiz hamda tashqi aloqalar bosh koordinatori Prof. Dr. Sercan Erol ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida ikki oliy ta’lim muassasasi vakillari universitetlar faoliyati, ularning ilmiy-akademik salohiyati va erishgan natijalari haqida atroflicha ma’lumot va taqdimotlar almashdilar.

Muzokaralar yakunida ikki universitet o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ilmiy nashrlar chop etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Muzokaralar davomida tomonlar geologiya, foydali qazilmalar, muhandislik geologiyasi va tabiiy resurslar monitoringi, fizika va kimyo sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, biologik xilma-xillikni saqlash, ekologik monitoringni amalga oshirish hamda iqlim o‘zgarishining tabiiy tizimlarga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.