Adabiy ta’lim metodologiyasi: xalqaro tajriba va ilmiy hamkorlik

O‘zbekiston Milliy universitetida “Adabiy ta’lim metodologiyasi: xalqaro tajriba va ilmiy hamkorlik» mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman o‘tkazildi.

Mazkur anjuman professor Hamidulla Boltaboyev tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Milliy universiteti, Michigan davlat universiteti (AQSH), Anqara Boshkent universiteti Alisher Navoiy tadqiqot markazi (Turkiya), Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti, Ozarboyjon Milliy ilmlar akademiyasi, Nizomiy nomidagi Adabiyot instituti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiya O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining Birinchi o‘rinbosari, senator Minhojiddin Mirzo hamda O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurovlarning kirish so‘zlari bilan ochib berildi.

O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Yoqub Ergashov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov ham ishtirok etib, universitet rahbariyati tabrigini o‘qib eshittirdilar. Fidoyi ilmiy-pedagogik faoliyati uchun Boltaboyev Hamidulla Ubaydullayevich munosib taqdirlandi.

Anjumanning geografiyasi ancha keng, konferensiyaga 200 dan ortiq maqolalar kelib tushdi. Shuningdek, konferensiyada AQSH, Rossiya, Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikalaridan o‘nlab olimlar jumladan, Anqara Boshkent universiteti Alisher Navoiy tadqiqot markazi rahbari, f.f.d., professor (Turkiya) Abdurahmon GO‘ZAL, Michigan davlat universiteti faxriy professori, f.f.d. (AQSH) Temur XO‘JA O‘GʻLI, Turk Til qurumi raisi o‘rinbosari, f.f.d.(Turkiya) Harun SHAHIN, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustamjon MASHRABOV, Qozog‘iston Fanlar akademiyasi Muxtor Avezov nomidagi Adabiyot va san’at instituti bosh direktori o‘rinbosari, f.f.d. To‘rali QIDIR, Me’mor Sinan universiteti (Turkiya) professori Tanju SEYHAN, Chanoqqal’a universiteti (Turkiya) professori, Yusuf AVJI, Ozarboyjon Milliy ilmlar akademiyasi bo‘lim mudiri, f.f.d., prof. Badirxon AHMADLI, Anqara universiteti professori, t.f.d. Seyfettin ERSHOHIN, Sulaymon Do‘g‘onlar ishtirok etishdi.

O‘zMU Axborot xizmati