
O‘zbekistonda “Ijtimoiy falsafa” va “Madaniyat falsafasi” ilmiy maktabining asoschisi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, falsafa fanlari doktori, professor, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Said Shermuxamedovich Shermuxamedov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov ochib berdi. U o‘z nutqida ustoz Said Shermuxamedovning O‘zbekiston ilm-faniga qo‘shgan beqiyos hissasi, yetishtirgan shogirdlari, yaratgan ilmiy maktabi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.


Tadbirda soha olimlari, turli oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdilar. Ular ustozning ilmiy merosi, hayoti va faoliyati, shuningdek, falsafa sohasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida iliq fikrlar bildirdilar.
Said Shermuxamedov 1930-yilda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. U Samarqand davlat universitetining tarix fakultetida tahsil olgan. 1957-yilda akademik Ibrohim Muminov rahbarligidagi ilmiy maktabda faoliyat boshlagan, o‘sha yili falsafa fanlari nomzodi, 1970-yilda falsafa fanlari doktori ilmiy darajasiga, 1980-yilda esa professor unvoniga sazovor bo‘lgan.
U kishi 1962–1965 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kotibi, 1965–1970 yillarda Vazirlar Mahkamasining madaniyat bo‘limi boshlig‘i, 1980–1984 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Xalq maorifi vaziri, 1984–1985 yillarda Fanlar akademiyasi Pedagogika ilmiy-tadqiqot instituti direktori, 1985–2000 yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti Falsafa kafedrasi mudiri, 2000–2016 yillarda kafedraning professori lavozimlarida faoliyat yuritgan.



Ustoz 1989-yildan 2016-yilgacha O‘zbekiston Falsafa jamiyati prezidenti sifatida ham samarali faoliyat olib borgan. 15 ta monografiya, 10 ta darslik, 500 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. 1975-yilda “Jamiyat rivojlanishining ijtimoiy-madaniy asoslari” ilmiy maktabiga asos solgan.
Uning rahbarligida “Ijtimoiy falsafa” va “Madaniyat falsafasi” yo‘nalishlarida 88 nafar falsafa fanlari nomzodlari va 25 nafar falsafa fanlari doktorlari tayyorlangan. Ular orasida Malayziya, Eron, Chexiya kabi mamlakatlardan kelgan olimlar ham mavjud.




Bugungi kunda ustoz asos solgan ilmiy maktab vakillari yangi O‘zbekistonning oliy ta’lim muassasalarida, ilmiy-tadqiqot markazlarida, davlat va jamoat tashkilotlarida faoliyat olib bormoqdalar.
O’zMU Axborot xizmati