Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Arnasoy – geografik turizm va ekoturizm uchun moʻjizalar maskani

O‘zbekiston Milliy universitetining bir guruh talaba-yoshlari Yoshlar turizm haftaligi doirasida “Arnasoy – geografik turizm va ekoturizm uchun moʻjizalar maskani” shiori ostida Jizzaxning Arnasoy tumaniga sayohat qilishdi.

Tadbir avvalida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi geografik xususiyatlari, geografik turizm va ekoturizmning ahamiyati va imkoniyatlari haqida turizm bo‘yicha mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng talaba-yoshlar ishtirokida tabiat qo‘ynida o‘quv-tanishuv ekskursiyasi tashkil etildi. Ko‘l qirg‘og‘ida abraziya jarayonini o‘rganish, anemometr bilan ko‘l bo‘yi va sohilda briz shamollari tezligini o‘lchash, tuproq burg‘usi yordamida tuproqdan namunalar olish, tuproq haroratini va namligini o‘lchash va boshqa amaliy mashg‘ulotlar bajarildi.

Ko‘l bo‘yida dala ekspedisiyasiga oid musobaqalar o‘tkazildi. Talabalar GPS navigator yordamida geografik obyektlarning geografik o‘rnini aniqlash va topografik kartasini chizish, palatkani eng tez tiklash, dala sharoitida choy qaynatish, qarmoq yasash kabi shartlar bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Shuningdek, hududda yashil makonlarni ko‘paytirish maqsadida ko‘chat ekish aksiyasi hamda turli madaniy-ko‘ngilochar, sport tadbirlari tashkil etildi.

O‘zMU Axborot xizmati