Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Arnasoy jilosi: O‘zMU talabalari tomonidan Jizzaxda turizm festivali o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya va geoaxborot tizimlari fakulteti iqtidorli talabalari tomonidan Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida “Arnasoy jilosi” nomli talaba-yoshlar turizm festivalini tashkil etishdi. Sayohat va madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘zida jamlagan ushbu festivalda universitetda tahsil oluvchi xorijlik talabalar ham faol ishtirok etdi.

Festival doirasida turli madaniy dasturlar — kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar, mushoira bahslari, shuningdek, “Zakovat” intellektual o‘yini va tabiat qo‘ynida tashkil etilgan ochiq dars mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Ushbu tashabbus talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, shuningdek, turizm sohasi va tabiatga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qildi.

“Arnasoy jilosi” festivali ishtirokchilarga Jizzax viloyatining tabiiy go‘zalligi, boy madaniy merosi hamda mintaqaning turizm salohiyatini yaqindan o‘rganish imkoniyatini yaratdi. Talabalar o‘zaro do‘stona muhitda muloqot qilib, yangi bilimlar, ijodiy ilhom va ijobiy taassurotlarga ega bo‘ldilar.

Mazkur tashrif mahalliy va xorijiy talabalar uchun O‘zbekistonning go‘zal maskanlaridan biri — Arnasoy tumani bilan bevosita tanishish, shu orqali madaniy va ilmiy almashinuv tajribasini boyitish imkoniyatini ham taqdim etdi.

O‘zMU Axborot xizmati