Ayol baxtli bo’lsa — jamiyat baxtli

O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasida ilm-fan va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan, kelajak avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan xilqat egalari sharafiga bag’ishlangan “Ayol baxtli bo’lsa — jamiyat baxtli” shiori ostida shukuhli tadbir tashkil etildi.

Muqumiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida o’tkazilgan tadbirda universitet rahbariyati, ayol professor-o‘qituvchilar, olimalar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida universitet rektori Inom Madjidov so’zga chiqib, universitet xotin-qizlarini bayram bilan tabrikladi. Universitet salohiyati, xalqaro maydondagi nufuzining oshib borishida olima ayollar, professor-o‘qituvchilarning zahmati, hissasi beqiyos ekanini ta’kidladi.  Muhim va stategik soha – ta’lim tizimida mehnat qilayotgan mardona xotin-qizlarga chuqur ehtirom bilan minnatdorchilik bildirdi.

O’zbekiston Milliy universitetida barcha soha va tarmoqlarda ayollarimizning salmog‘i, o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda. Raqamlarga e’tibor qaratsak, bugungi kunda universitetimizda asosiy shtatda jami 1108 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda.

Shulardan, 586 nafar professor-o‘qituvchi ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. 522 nafar ayol xodimlar turli lavozimlarda mehnat qilmoqda, universitetimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib kelmoqda. Bugungi kunda universitetimizda jami 34 mingga yaqin talabalar tahsil oladi. Quvonarlisi, ularning 20 533 nafari qizlardir.

Rektor tabrigidan so’ng teatr aktyorlari ijrosida “Jaydari kelin” spektakli namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilariga ushbu komediya manzur keldi.

O’zMU Axborot xizmati