Bugun, 18-mart kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Bag‘rikenglik – tinchlik, fuqarolararo hamjihatlik, millatlararo va dinlararo totuvlik garovi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur nufuzli anjuman Tarix fakultetining 90 yillik yubileyi hamda “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” kafedrasi professori, O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi raisi Rahbarxon Murtazayeva tavalludining 75 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekiston tarixiy jihatdan bag‘rikenglik yurti bo‘lganligi, XXI asr xalqaro maydonida bag‘rikenglik tamoyilining tutgan o‘rni, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotida bag‘rikenglik tamoyillarining roli, jahonda ushbu masalaga bo‘lgan e’tibor va boshqa masalalar muhokama etildi.
Xalqaro anjumanda respublikaning ko‘plab taniqli olimlari, qator chet davlatlari – Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Eron, Fransiya, Polshadan tashrif buyurgan xorijlik olimlar ishtirok etdi. Anjuman materiallari o‘zbek, rus, ingliz tillarida kitob shaklida chop etildi.
Ma’lumki, 1995-yil 16-noyabrda YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan “Bag‘rikenglik (tolerantlik) deklaratsiya”si qabul qilindi. Ushbu deklaratsiyaga 185 ta davlat jumladan, O‘zbekiston ham qo‘shildi. Shuni e’tirof etish lozimki, o‘zbek xalqi tarixida, xalqimiz xulq-atvori va dunyoqarashida bag‘rikenglik tamoyili qadimdan shakllangan qadriyat bo‘lgan. O‘zbekiston zaminida hech qachon dinlararo, millatlararo kurashlarga yo‘l qo‘yilmagan.
Xalqimizning qator olijanob sifatlari – mehmondo‘stlik, sabr-toqatlilik, mehnatsevarlik, hamjihatlik tariximizning ko‘plab davrlari, xususan ikkinchi jahon urushi yillarida ham yaqqol namoyon bo‘lgan. 2018-yil avgustida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan bag‘rikenglik masalasiga bag‘ishlangan, 80 dan oshiq davlat vakillari ishtirok qilgan xalqaro anjumanda aynan O‘zbekiston bag‘rikenglik va totuvlik borasida o‘zlarga o‘rnak bo‘ladigan davlat deya e’tirof etilishi yuqoridagi mulohazalarga mantiqiy javob bo‘lib xizmat qiladi.
Masala mohiyatining dolzarblik hayotidan kelib chiqqan holda mana bir necha yillardan buyon O‘zMU tarix fakulteti “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” kafedrasi hamda “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik” ilmiy markaz tomonidan millatlararo munosabatlar, ijtimoiy-ma’naviy hayotda bag‘rikenglik tamoyilining tutgan o‘rni masalalari bo‘yicha qator xalqaro miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazilib kelinmoqda.
O‘zMU Axborot xizmati