Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

“Bir vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostidagi bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.

Unda universitet rahbariyati, Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi jamoasi, professor-o‘qituvchilar, kursantlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Yoqub Ergashov va O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi boshlig‘i Akram Uzoqovning samimiy tabrik so‘zlari bilan boshlandi.

Shundan so‘ng Ijtimoiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchilari Akbar O‘tamurodov, Lalixon Muhammadjonova hamda Olmazor tumani “Yoshlik” Talabalar shaharchasi hokimi o‘z nutqlarida davlat ramzlarining milliy o‘zlikni anglash, yosh avlodda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashdagi beqiyos o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Shundan so‘ng Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi kursantlari va talaba-yoshlar marsh tarzida saf tortib, qo‘llarida hilpirab turgan bayroqlarni baland ko‘tarib yurib borishdi. Yagona safdagi tartib-intizom va baland ko‘tarilgan davlat bayrog‘i tantanaga alohida ruh bag‘ishlab, tomoshabinlarda faxr va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.

Tadbirning yakuniy qismi Beruniy maydonida o‘rnatilgan Katta bayroq maydonida bo‘lib o‘tdi. Talabalar qo‘llaridagi hilpirab turgan bayroqchalar bilan saf tortib, davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat va ehtiromni yanada yorqin namoyon etdilar.

O‘zMU Axborot xizmati