Bitiruvchilar bandligi — ustuvor vazifa: O‘zbekiston Milliy universitetida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakultetida bitiruvchi talabalarning bandligini ta’minlashga qaratilgan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Tadbirda 40 dan ortiq davlat va xususiy sektor vakillari ishtirok etib, talabalarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, stajirovka imkoniyatlari hamda kasbiy faoliyatni boshlash shartlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Mazkur tadbir Shavkat Mirziyoevning 2026 yil 24 fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Mehnat yarmarkasida fakultetda mavjud ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha bitiruvchilarning sohasiga mos bo‘lgan 40 dan ortiq yirik davlat va xususiy tashkilotlar, korxona va muassasalar vakillari ishtirok etdilar. Ular tomonidan talabalarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish tartibi, stajirovka dasturlari va yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Yarmarka doirasida talabalar ish beruvchi tashkilotlar vakillari bilan bevosita muloqot qilib, o‘z rezyumelarini taqdim etish, vakansiyalar bilan tanishish va kelgusida ishga joylashish imkoniyatlarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, talabalarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, ishga qabul jarayonlari hamda karyerani rejalashtirish bo‘yicha amaliy maslahatlar berildi.

Tadbirda jami 3000 dan ortiq quyi va bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etdi. Bu esa mehnat yarmarkasi talabalarning ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, mehnat bozori talablari bilan tanishish va kelgusidagi kasbiy faoliyatini rejalashtirishida muhim ahamiyat kasb etganini ko‘rsatdi.

Tadbir davomida talabalarga “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, bitiruvchilarning biznes va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion va amaliy loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish orqali yoshlarning bandligini ta’minlash mexanizmlari tushuntirildi. Bu kabi imkoniyatlar yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ularning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Ijtimoiy fanlar fakultetida jami 1369 nafar bitiruvchi talabalar tahsil olmoqda. Jumladan:

  • 1230 nafar talabalar bakalavriat bosqichida;
  • 139 nafar talabalar magistratura bosqichida tahsil olmoqda.

Hozirgi vaqtda fakultet bitiruvchilarining 429 nafari davlat va xususiy sektorda rasmiy ish bilan band, 262 nafari o‘zini-o‘zi band qilish orqali faoliyat yuritmoqda, 678 nafar bitiruvchi esa hozircha ishga joylashmagan.

“Karyera kuni” mehnat yarmarkasi bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni mehnat bozoriga samarali yo‘naltirish hamda ish beruvchilar bilan universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Shuningdek, bunday “Karyera kuni” mehnat yarmarkalarini universitetning barcha fakultetlarida bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa bitiruvchi talabalarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy imkoniyatlarini kengaytirish hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.