Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Milliy universitetining Kimyo hamda Geologiya va muhandislik fakultetlari bitiruvchi kurs talabalari uchrashuvlar tashkil etildi.

Tadbirlarda Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Sultonbekov hamda Teach for Uzbekistan nodavlat-notijorat tashkiloti vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuvlar davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, “Kelajakka qadam” dasturi imkoniyatlari, ta’lim muassasalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirishning amaliy mexanizmlari muhokama qilindi. Shuningdek, olis va chekka hududlardagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritish istagida bo‘lgan yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, jumladan, moddiy qo‘llab-quvvatlash, kasbiy rivojlanish dasturlari va ustoz-murabbiylik tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mehmonlar o‘z chiqishlarida Toshkent viloyatidan bo‘lgan bitiruvchilarni to‘liq ish bilan ta’minlash imkoniyati mavjudligini alohida ta’kidlab, ularni hududdagi maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida, shuningdek, olis hududlardagi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritishga taklif etdilar.

Uchrashuvlar ochiq muloqot ruhida o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Mazkur tadbirlar bitiruvchi yoshlarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib borishi va ularni ta’lim sohasida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim amaliy qadam bo‘ldi.
O’zMU Axborot xizmati