BIZ G‘ALABA QOZONAMIZ!

(O‘zMUda regbi musobaqalariga start berildi)

Ayni damlarda O‘zbekiston Milliy universitetining sport maydonida O‘zbekiston respublikasining Regbi federatsiyasi bilan hamkorlikdagi musobaqalariga start berildi. Bu musobaqaning ochilishi Toshkent shahrida, yakuniy bosqichi esa Farg‘ona shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu sprot turining pandemiya davrida ochilishi va o‘yinlarga start berilishi uchun Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Mavzurovich Shoabduraxmonov va bir qator hamkor, homiy tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabduraxmonov:

-Regbi O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan sport turlaridan hisoblanadi. Bugungi musobaqa muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda amalga oshirishga qaratilgan tashabbuslarining mantiqiy davomidir.

O‘zbekiston aholisi va eng asosiysi yosh avlodning sog‘ligi bizning harakatlarimizga ham bevosita bog‘liq. Agar biz nafaqat sportnnig biror turi bilan shug‘ullanishga, balki yurish, kundalik mashqlar, gimnastikaga vaqt ajratsak foydadan holi bo‘lmaydi. Hatto, pandemiya sharoiti ham bizga sportning ko‘pgina turlari bilan uy sharoitida shug‘ullanish mumkinligini ko‘rsatdi. Hattoki, hiyobonlar, dam olish maydonchalari, hovlilarimizda ham o‘zimiz, sog‘ligimizga e’tiborli bo‘lish uchun unumli foydalanishimiz mumkin.

Men fursatdan foydalanib, tashkilotchilarimizga, xususan regbidek juda jozibali, zavqli sport turini qo‘llab-quvvatlayotganlarga minnatdorchilik bildiramiz. Jumladan O‘zbekiston Milliy univeritetiga ham. So‘nggi yillarda, O‘zMu rektori Avazjon Maraximov bosh, xususan taekvando va sport faoliyati fakulteti bilan hamkorligimiz tizimli yo‘lga qo‘yilgan. O‘zMU sport tadbirlarimizni o‘tkazishda doimiy hamkorlik qilib keladi. Universitet hududida sport uchun juda qulay maydonchalar tashkil etilagan. Talabalarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Eng katta tashabbuslarning biri esa taekvando va sport faoliyati fakultetida regbi yo‘nalishining ochilishidir. Bunda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri va O‘zMU rektorining tashabbusi katta bo‘ldi. Bu harakatlarning barchasi talaba-yoshlarimizning istiqboli va sog‘lom, raqabotbardosh kadr bo‘lib yetishlari uchundir. Eng e’tiborli O‘zMU da regbi terma jamoasining borligidir.
Va bu jamoa bugun musobaqani boshlab berayapti.

  • O‘zMU terma jamoasi treneri, O‘zbekiston regbi yo‘nalishi bosh treneri Daniil Kulikov:

-Bu musobaqa uzoq davom etgan tanaffusdan so‘ng boshlandi. Jamoamiz har doimgidek birinchilik uchun da’vogar. Biz g‘alaba qozonamiz. Mana bugun O‘zMU maydonida O‘zbekiston chempionati boshlandi. Buni ramziy ma’nosi ham bor deb o‘ylayman. Bu sport turinnig yoshlar ichida keng targ‘ibi va uni yo‘nalish sifatida O‘zMUda ochilishi regbi sport turi bo‘yicha jahon arenalariga chiqadigan kadrlar tarbiyalanishiga poydevor deya olamiz. Bu yo‘nalishda regbi bo‘yicha sportchilar ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu musobaqadan keyin ikkinchi turga tayyorgarlik ko‘ramiz. Jamoamiz O‘zMUga munosib bo‘lishiga ishonaman.

-Regbi sporti federatsiyasi bosh kotibi Qahramon Jalilov:

-Bu yil O‘zMU regbi yo‘nalishiga 40 nafar sportchi qabul qilindi. Bugungi tadbir biz uchun katta bayram. Pandemiya bo‘lib, to‘g‘risi sport musobaqalarimiz biroz tanaffus qilgan edi. Mana sport musobaqalarimizning birinchi turiga universitet sport maydonchalaridan start berildi. Ikkinchi turimiz Farg‘onada bo‘ladi. Hamkor homiy tashkilotlar ham musobaqamiz ochilishi va uni tashkil etishda faol bo‘lishayotganlarini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ayniqsa, O‘zMU rahbariyati sport musobaqalarining o‘tkazish va tashkil etishda tashabbus ko‘rsatib keladi. Universitetning o‘z regbi jamoasi bor. Bu jamoa yuqori ko‘rsatkichlar ko‘rsatib keladigan jamoalar sirasiga kiradi. Bugun ham ularga omad tilaymiz.

Tadbirga nufuzli va mashhur sport ustalari, ijodkorlar va barcha qiziquvchilar tashrif buyurishmoqda.

O‘zMU Axborot xizmati