Kafedra 1938 yilda tashkil etilgan.
Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika kafedrasiga quyidagi olimlar mudirlik qilgan:
- Akademik V.I. ROMANOVSKIY. Mudirlik davri: 1938-1954;
- Akademik T.A. SARIMSOQOV. Mudirlik davri: 1954-1958;
- Akademik S.X. SIROJIDDINOV. Mudirlik davri: 1958-1988;
- Akademik Sh.Q. FORMANOV. Mudirlik davri: 1990-1995;
- Akademik T.A. AZLAROV. Mudirlik davri: 1995-2005;
- Professor A.A.Abdushukurov. Mudirlik davri: 2006-2017;
- Professor O.Sh.Sharipov. Mudirlik davri: 2018-xozirga qadar.
O‘zbekistonda ehtimollar nazariyasi va matematik statistika bo‘yicha butun dunyoga mashhur ilmiy maktabning ro‘yobga kelish maskani O‘zbekiston Milliy Universiteti bo‘ldi. Matematikaning bu sohasiga doir nazariy va amaliy tadqiqotlar universitet tashkil etilganidan boshlangan bo‘lib, unga atoqli matematik olim Vsevolod Ivanovich Romanovskiy asos solgan.
Akademik V.I.ROMANOVSKIY
(1879-1954)
O‘zbekiston olimlarining o‘tgan davrdagi barcha yutuqlari shu buyuk insonning nomi bilan bog‘liq bo‘ldi. U zabardast olim va ajoyib pedagog sifatida O‘zbekistonda o‘ziga ko‘pgina iqtidorli shogirdlar topib, ularni matematika fanida o‘z o‘rnini topishga behad katta hissa qo‘shdi. V.I.Romanovskiyning asosiy tadqiqotlari nazariy va amaliy maematik statistika sohasiga oidligi hozirgi matematiklarga ma’lum. Uni dunyoga mashhur qilgan bosh masala empirik xarakteristikalarning taqsimot funksiyalarini tadqiq etish bo‘ldi. V.I.Romanovskiyning chekli Markov zanjirlariga oid izlanishlarini alohida ta’kidlab o‘tish joizdir. Ikkinchi jahon urushiga qadar V.I.Romanovskiy chop etgan “Matematik statistika” (1938), “Issledovaniya po sepyam Markova” (1939, Fransuz tilida), “Elementarnыy kurs matematicheskoy statistiki” (1939) monografiyalari butun dunyo matematiklarining diqqatiga sozovor bo‘ldi. 1940-yillardan so‘ng V.I.Romanovskiy Markov zanjirlariga oid o‘z xulosalarini umumlashtirish bilan shug‘ullandi. (Bruns zanjirlari, Markovning ko‘p bog‘lamli zanjirlari, bisiklik zanjirlar va h.k.). Olim bu jarayondagi turli limit teoremalarni isbotladi. Bu davrlarda ustoz amaliy statistika masalalari bilan ham mashg‘ul bo‘lib, “Primenenie matematicheskoy statistiki v opыtnom dele” (1947), «Diskretnыe sepi Markova» (1949), «Osnovnыe zadachi teorii oщibok» (1947) monografiyalarini chop etdi. Umuman V.I.Romanovskiydan 200 dan oshiq ilmiy maqola va monografiyalar meros qoldi. Bu hozirgi zamon o‘zbek matematikasining oltin fondini tashkil etmoqda. Uning bir necha monografiyalari o‘zbek, rus, fransuz va ingliz tillarida O‘zbekiston va chet ellarda qayta-qayta nashr etildi.
V.I.Romanovskiy davlat mukofotlari bilan ham taqdirlangan. Uning xizmatlari istiqloldan so‘ng hukumatimiz va Prezidentimiz tomonidan yuksak darajada baholanib, 2004 yilda “Buyuk Xizmatlari Uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Akademik T.A.SARIMSOQOV
(1915-1995)
Mashhur akademik olim Toshmuhammad Alievich Sarimsoqov (1915-1995) o‘z faoliyatini V.I.Romanovskiy maktabida boshlab, dastlabki izlanishlarini ehtimollar nazariyasi usullarini klassik analizga tadbiqi bilan bog‘liqlikda olib bordi. Uning Markov zanjirlariga oid qator ishlari ham jahon matematiklarining e’tiboriga sazovor. U V.I. Romanovskiy tomonidan olg‘a surilgan matritsa usulini sanoqli Markov zanjirlari va holatlari to‘plami uzluksiz bo‘lgan Markov zanjirlariga tarqata olgan holda tadqiqot olib bordi. Bu izlanishlarining samarasi sifatida u 1954 yilda Moskvada «Osnovы teorii protsessov Markova» nomli monografiyani chop ettirdi. Bundan tashqari olim o‘z e’tiborini Markov zanjirlarini O‘rta va Oldi Osiyo osmonidagi rayonlarga tadbiqi haqida chop etgan qator maqola va asarlari bilan bir nechta Davlat mukofotlariga sovrindor bo‘ldi.
O‘tgan asr 60 yillarida T.A.Sarimsoqov ijodida yangi davrlar boshlandi. U topologik yarim maydonlar, ularni topologiyasi, funksional analiz va ehtimollar nazariyasiga qo‘llash masalalari bilan shug‘ullana boshladi. Bu izlanishlar asosida T.A.Sarimsoqov ko‘pgina shogirdlar tayyorladi va O‘zbekistonda bu soxaga oid hozirda o‘ta mashhur yana bir matematik maktabga asos soldi.
Akademik S.X.SIROJIDDINOV
(1920-1988)
V.I.Romanovskiy ilmiy maktabini yana bir yangi yo‘nalishda rivojlantirib o‘z ilmiy maktabini yaratgan buyuk olim Sa’di Hasanovich Sirojiddinov (1920-1988) bo‘ldi. U o‘zining ehtimollar nazariyasi va matematik statistika ilmiy maktabini yaratib, butun dunyoga mashhurlik darajasiga ko‘tarildi. U o‘tgan asrning 40-yillari oxirida V.I.Romanovskiy rahbarligida ko‘p o‘lchovlik polinomlar va Ermit ko‘phadlarini tadqiq etdi. S.H.Sirojiddinov tomonidan isbotlangan bir jinslik Markov zanjirlariga oid limit teoremalari matematika dunyosiga ma’lum. U A.N.Kolmogorov izlanishlarini davom ettirib, Markov zanjirlarini tashkil etuvchi tasodifiy miqdorlar yig‘indisi uchun limit teoremalarni aniq baholay oldi. Bir va ko‘p o‘lchovlik teoremalarida asimptotik yoyilmalarni o‘rnatdi. Bu sohadagi izlanishlarning natijasi S.X.Sirojiddinovni tez orada yetakchi mutaxassis olim darajasiga ko‘tardi. Keyinchalik S.X.Sirojiddinov Markov zanjirlariga oid izlanishlarni o‘z shogirdlari bilan hamkorlikda davom ettirib bir qator umumlashgan natijalarga erishdi. U shogirdi Sh.Q.Farmonov bilan hammualliflikda «Predelnыe teoremы dlya odnorodnыx sepey Markova» (1955), « Predelnыe teoremы dlya summ sluchaynыx vektorov, svyazannыx v sep Markova» (1979) monografiyalarini chop etdi. Bular mutaxassislar tomonidan tan olinib, keyinchalik Moskva, Vilnyus, Toshkent matematiklari tomonidan yangi bosqichda davom ettirildi. S.X.Sirojiddinov shogirdlari ham o‘z ustozi yo‘lidan borib, limit teoremalar, additiv masalalar, statistik qabul kontrol va h.k. sohalarda juda ko‘p matematik natijalarni qo‘lga kiritib, butun dunyo tan olgan natijalarga erishdilar.
Akademik T.A.AZLAROV
(1938-2011)
Tursun Abdurahimovich Azlarov mamlakatimizning ehtimollar nazariyasi va matematik statistika soxasidagi yetakchi olimi. Uning mazkur fanning zamonaviy, istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha erishgan yutuqlari mutaxassislarga yaxshi malum va ular tomonidan etirof etilgan. T.A.Azlarov fizika-matematika fanlari doktori (1973), professor(1974), Respublika FA muxbir azosi(1979) va xaqiqiy azosi(2000), Abu Rayxon Beruniy nomli Davlat mukofoti sovrindori(1973), 150 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi (shulardan 40 tasi chet el jurnallarida nashr etilgan). “Ko‘rsatgichli taqsimot bilan bog‘liq harakterizatsiya masalalari” monografiyasi ingliz tiliga tarjima qilinib, Germaniyada mashhur Shpringer nashriyotida nashr qilingan(1986), 34 nafar fan nomzodi tayyorlagan, ulardan ikki nafari fan doktori bo‘lib yetishgan. T.A.Azlarov ommaviy xizmat ko‘rsatish matematik nazariyasiga, ehtimollar nazariyasining limit teoremalariga, taqsimot nazariyasining xarakterizatsiya masalalariga, bir jinsli Markov zanjirlari uchun statistik kriteriylar asimptotik nazariyasiga, tasodifiy sondagi tasodifiy miqdorlar yigindisi uchun limit teoremalar, xamda ularda yaqinlashish tezligini baxolash va asimptotik yoyilmalar olishga, uzluksiz funksiyalarni yaqinlashtirish nazariyasiga salmoqli xissa qo‘shgan olim. U sermaxsul ilmiy faoliyatini samarali pedagogik-metodik va jamoatchilik ishlari bilan birga qo‘shib olib bordi. Uning matematik analizdan original ikki tomli darsligi (dos.X.T Mansurov bilan hamkorlikda) (ikkinchi nashri 1995-96 yil) matematik mutaxassislar tayyorlash ishiga qo‘shgan katta xissa bo‘ldi. Uning bevosita ishtirokida va tahririda nashr qilingan ikki tomli matematikadan qo‘llanma ham ko‘p yillardan buyon maktab o‘qituvchilarining kundalik foydalanadigan kitoblariga aylangan. T.A.Azlarov doimo ilmiy-tadqiqot ishlarini malakali ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlash xamda fanni ommalashtirish ishlari bilan birga olib bordi.
T.A.Azlarov Vengriya(1969-1974), Yaponiya(1972y), Polsha(1976y), Bolgariya(1978yil), Hindiston(1982,1983y), Shvesiya(1988), Misr(1996y) va boshqa davlatlarda bulib, u yerda maruzalar o‘qish uchun chaqirilgan, davlatlarda o‘tgan Halqaro anjumanlarda ilmiy chiqishlari bilan muvaffaqiyatli qatnashgan.
Akademik Sh.Q.FARMONOV
Buyuk akademik olim va inson S.H.Sirojiddinovning yana bir sevikli va ardoqli shogirdi akademik Shokir Qosimovich Farmonovdir. Sh.Q.Farmonov ehtimollar nazariyasi, matematik statistika va ularning tadbiqi rivojiga samarali hissa qo‘shib kelmoqda. U o‘z ustozi akademik S.H.Sirojiddinovning Markov zanjirlari nazariyasiga oid tadqiqotlarini davom ettirib, xolatlarining to‘plami ixtiyoriy bo‘lgan bir jinsli ko‘p o‘lchovlik Markov zanjirlarini tadqiq etib, mazkur nazariyani yana bir bosqich rivojlantirib bormoqda. Sh.Q.Farmonov hozirgi zamon matematikasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika sohasida dunyo miqyosida tan olingan mutaxassis. Uning ilmiy va pedagogik faoliyati Mirzo Ulug‘bek nomli O‘zbekiston Milliy Universiteti bilan bog‘liq. Hozirgi vaqtda u O‘zMUning “Ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasining professori. 1973 yili Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofatiga sazovor bo‘lgan fizika-matematika fanlari doktori (1973), professor (1981), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1994), haqiqiy a’zosi (2000).
O‘z ilmiy izlanishlari natijalarini Sh.Q.Farmonov Rossiya, AQSh, Yaponiya, Ukraina, Litva, Vengriya, Polsha, Malayziya, Mongoliya ilmiy markazlarida va Fransiya, Shvesiya, Singapur va boshqa davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyalarda ma’ruza qilgan.
Sh.Q.Farmonov unumli ilmiy faoliyat bilan birgalikda doimo ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlash masalasi bilan ham shug‘ullanib kelmoqda. Hozirgi vaqtga kelib u tomonidan o‘ttizdan ortiq fan nomzodlari va shogirdlaridan to‘rtdan ortig‘i fan doktorlari darajasiga yetdi.
Professor A.A.Abdushukurov
A.A.Abdushukurov to‘la bo‘lmagan tanlanmalar statistikasi sohasi bo‘yicha mutaxassisdir. Uning asosiy ilmiy izlanishlari to‘la bo‘lmagan kuzatilmalar bo‘yicha noparametrik statistik baholash masalalaridir. U tomonidan to‘la bo‘lmagan tanlanmalar statistikasi umumiy modellari uchun noparametrik baholar qurilgan va o‘rganilgan. Statistikadagi ACL (Abdushukurov-Cheng-Lin) bahoning hammuallifidir.
Bazaviy funksionallar yordamida to‘la bo‘lmagan tanlanmalar umumlashgan modellari uchun noparametrik baholar qurilgan va ularning assimptotik xossalari to‘lig‘icha tahlil qilingan. Uning rahbarligida 20 ta magistrlik va 5 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. U 160 dan ortiq ilmiy va o‘quv – uslubiy ishlar muallifidir. Uning 2009 yil nashr etilgan “Statistika nepolnыx nablyudeniy” monografiyasi 2010 yilda va “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” o‘quv qo‘llanmasi 2011 yilda Iste’dod jamg‘armasi tomonidan ta’sis etilgan “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi sovrindorlari bo‘ldilar. 2011 yilda LAMBERT Academic Publishing nashriyotida quyidagi uch monografiyasi chop etildi: 1)«Neparametricheskie otsenki funksionalov ot neizvestnыx raspredeleniy po nepolnыm nablyudeniyam i ix statisticheskiy analiz» ; 2) «Otsenivanie mnogomernыx raspredeleniy i ix smesey po nepolnыm dannыm»(hammuallif R.S.Muradov); 3) «Asimptoticheskiy analiz yadernыx otsenok, svyazannыx so srednim znacheniem»(hammuallif dos.K.S.Sagidullaev); A.A.Abdushukurov 120 ta davlatdagi 600 dan ziyod olimlar bilan hamkorlikda 2011 yilda AQShdagi “Springer” nashriyotida “International Encyclopedia of Statistics” 1700 betlik halqaro ensiklopediyada hammuallif sifatida ishtirok etdi.
Professor O.Sh.Sharipov
Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika sohasi bo‘yicha respublikada yetakchi mutaxassislardan biri Olimjon Shukurovich Sharipovdir. Uning ilmiy ishlari Banax fazolarida qiymat qabul qiluvchi tasodifiy miqdorlar uchun limit teoremalar va ularning matematik statistikadagi tatbiqlariga bag‘ishlangan. U 200 dan ortiq ilmiy ishlar nashr qilgan. Ko’p yillar davomida xorijiy universitetlarga ilmiy safarlarga borgan va hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan. U Germaniyaning Gettingen, Kiel, Munxen, Dresden, Bochum universitetlariga, Daninyaning Kopengagen universitetiga, Malayziyaning Putra universitetiga, Rossiyaning Moskva davlat universitetiga bir necha martalab ilmiy hamkorlik qilish va ma’ruzalar o’qish uchun taklif qilingan.
O.Sh.Sharipov O‘zMU va Matematika instituti huzuridagi fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy Kengashlar a’zosidir.
Prof. O.Sh.Sharipov O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi “Fizika; matematika; mexanika” ilmiy-texnikaviy kengash a’zosi bo’lgan.
Prof. O.Sh.Sharipov “O‘zbekiston matematika jurnali”, “Matematika instituti byulletini”, “Malaysian journal of mathematical sciences” jurnallarining tahririyat a’zosi.
Professor O.Sh.Sharipov 2001-yildan boshlab AQShdagi Halqaro Matematik Statistika institutining va Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika bo’yicha xalqaro Bernulli jamiyatining a’zosi.
“Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasi tomonidan muntazam ravishda quyidagi ilmiy xalqaro konferensiyalar o‘tkazib kelinmoqda:
- O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institute, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Rossiya Fanlar Akademiyasi V.A.Steklov nomidagi Matematika instituti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Matematika fakulteti “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasi bilan hamkorlikda 2022 yil 26-28 sentyabrda o‘tkazilgan «Ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistikaning limit teoremalari» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya.
- O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institute, Malayziyaning Putra universiteti, Malayziyadagi Monash universiteti, Malayziyaning Xalqaro Islom universiteti, Malayziya Milliy universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Matematika fakulteti “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasi bilan hamkorlikda 2024 yil 21-23 oktyabrda o‘tkazilgan «Stoxastik analiz» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya.
