2021 yil 27 aprel kuni O‘zbekiston Milliy universitetiga YUNISЕFning O‘zbekistondagi bolalarni himoya qilish dasturi rahbari Antonio Lyudeke xonim hamda YUNISЕFning O‘zbekistondagi bolalarni himoya qilish dasturi maslahatchilari Diana Isayeva va Shahlo Ashrafxo‘jayevadan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Delegatsiyani O‘zbekiston Milliy universitet xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Shirinova Raima Xakimovna, xalqaro reytinglarda ishtirok etish bo‘limi boshlig‘i Aziza To‘rakulova, ijtimoiy ish kafedrasi mudiri Latipova Nodira Muxtorjanovna va kafedra dotsenti Viktoriya Alekseyeva kutib oldilar.
Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy universiteti uzoq yillardan buyon YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlik qilib, ijtimoiy ish sohasidagi faoliyatga e’tibor qaratib kelmoqda. Jumladan, ijtimoiy ish kafedrasi negizida Kolumbiya universiteti bilan hamkorlikda xalqaro standartlar asosida o‘qitish tizimini takomillashtirish bo‘yicha YUNISЕF bilan qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.
Kun tartibida ijtimoiy ish yo‘nalishi talabalari salohiyatini oshirish, ijtimoiy ish kafedrasi pedagog xodimlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shu munosabat bilan ikki tomon vakillari qo‘shma o‘quv dasturlari, yozgi maktablar va akademik mobillikning boshqa variantlarini yo‘lga qo‘yish orqali xalqaro miqyosda o‘qituvchilar, talabalar, shuningdek, turli tashkilotlar mutaxassislari tajribasini almashish imkoniyatini muhokama qildilar.
Uzoq uchrashuv davomida ijtimoiy ish yo‘nalishini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sohalarni tashkil etish va yaratish, xususan, ushbu sohada mutaxassislar tayyorlaydigan mintaqaviy oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarni saqlab qolish, o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, zamonaviy xorijiy darsliklarni tarjima qilish va moslashtirish bo‘yicha savollar o‘rtaga tashlandi.
Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor
Raima Shirinova